O‘zbekiston – MDH doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

Sammitda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda joriy yilgi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi 2022 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

“MDHni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari asosiy e’tiborni uchta: siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikka qaratishni taklif etdi. MDH makonida to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bog‘liqligini mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi”, – deb xabar beradi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ishtirokchilarning e’tibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda barqaror “yashil” taraqqiyotga yo‘naltirilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtirokini faollashtirdi. Mamlakatimiz 40 dan ziyod ko‘p tomonlama bitimni imzoladi va tashkilotning 23 ta organiga qo‘shildi. O‘tgan yilda O‘zbekiston ilk bor MDHga raislik qildi.

2021 yilda O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi o‘ttiz foizdan ziyodga oshdi, qariyb mingta qo‘shma korxona tashkil etildi.

Prezident Sh.Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston MDH doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi.