Bugun, 22 may kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqining “INTER PARES” global dasturi doirasida yangi loyihaning yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan anjuman o‘z ishini boshladi. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, “INTER PARES” global dasturi vakillari, Vengriya, Slovakiya, Frantsiya Germaniya, Kipr, Chexiya, Litva kabi mamlakatlarning milliy parlamentlari vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari va YeIga a’zo davlatlarning diplomatik korpusi namoyandalari ishtirok etdi.
Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, anjumanda qatnashgan Senat raisi Tanzila Norboyeva Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar parlamentlari bilan aloqalar konstruktiv ruhda rivojlanayotganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston Yevropa Ittifoqini asosiy xalqaro hamkor deb biladi. Biz parlament diplomatiyasi sohasidagi sa’y-harakatlarni izchil amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz. Anjuman yakunlari bo‘yicha parlament salohiyatini yanada rivojlantirish va rolini kuchaytirish bo‘yicha foydali tavsiyalar ishlab chiqiladi, shuningdek, ilg‘or amaliyotlar va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, – dedi Senat raisi.
EIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian “INTER PARES” loyihasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida yagona hamkor sifatida O‘zbekiston parlamenti bilan amalga oshirilayotganiga to‘xtaldi.
“INTER PARES” – Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik sohasidagi muhim bosqichdir”, – dedi elchi Sh.Adrian xonim.
Ma’lumot o‘rnida, “INTER PARES” – Yevropa Ittifoqining parlamentarizmni mustahkamlash bo‘yicha global dasturi bo‘lib, Demokratiya va saylovga ko‘maklashish xalqaro instituti (IDEA) tomonidan hamkor mamlakatlar parlamentlarining ekspertlari ko‘magida amalga oshiriladi.
Loyihada ishtirok etayotgan 17 ta davlatning qonun chiqaruvchi organi orasida Oliy Majlis Markaziy Osiyo va MDH makonidagi mamlakatlardan yagona parlament ekani xabar qilingan.