Afg‘onistonning Balx viloyati Qaldar tumanida O‘zbekiston tomonidan yo‘llangan insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, insonparvarlik yordami o‘z vaqtida ko‘rsatilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, tuman rahbari M.Vali O‘zbekistonning insonparvarlik yordami Afg‘oniston shimoliy hududlari, xususan, Balx viloyati aholisi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etgan.
Un, o‘simlik yog‘i, bug‘doy, guruch, makaron, konserva, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlardan iborat oziq-ovqat to‘plamlari, kiyim-kechak bir oy avval kuchli suv toshqini va sel sodir bo‘lgan Qunduz, Samangan, Tahor va Juzjon viloyatlariga ham yuborilishi ma’lum qilingan.