O‘zbekiston 2022 yilda sayohat uchun eng yaxshi 50 yo‘nalish ro‘yxatiga kiritildi

Amerikaning “Forbes” moliyaviy-iqtisodiy jurnali O‘zbekistonni 2022 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 50 yo‘nalish ro‘yxatiga kiritdi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

“O‘zbekistonning ajoyib infratuzilmasi sayyohlarning O‘zbekiston poytaxti Toshkentdan Samarqand, Buxoro va Xivaga – Buyuk Ipak yo‘lidagi to‘xtash joylari bo‘ylab bemalol sayohat qilishiga imkon beradi. Shaharlarning uchtasi tezyurar poyezdlar bilan yaxshi bog‘langan, Xiva ham Buxoro bilan poyezd orqali bog‘langan”, deb yozadi Forbes.

Jurnal mamlakatimizdagi qator shaharlar YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kirgani, diqqatga sazovor joylari ham juda ko‘pligini o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilgan.

“Xivaning eski shaharchasi – Ichon qal’a o‘zbek shaharlari orasida birinchi bo‘lib madaniy obidalar ro‘yxatiga kiritilgan. Buxoroda ko‘plab bezakli qadimiy madrasalarni nazardan chetda qoldirmang, Buxoro Arkni ziyorat qiling va savdo gumbazlaridan esdalik sovg‘alarini xarid qilishni unutmang. Albatta, Samarqand o‘zining nafis Registon maydoni bilan hayratda qoldiradi. Toshkentda qo‘zichoq go‘shti va maydalangan sabzi qo‘shilgan an’anaviy guruch taomi bo‘lgan palovdan tatib ko‘rishni esingizdan chiqarmang”, deb yozadi “Forbes”.