O‘zbek taomlari haqidagi “Quyoshli 365 kun” kitobi taqdim etildi

Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da o‘zbek milliy taomlari haqida ingliz tilida “365 days of Sun” va rus tilida “365 dney Solntsa” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Dinara Do‘ltayeva (loyiha muallifi), Bahriddin Chustiy, Madina Ro‘zmatova (matn mualliflari), Andrey Arakelyan (fotolar muallifi) muallifligidagi ushbu kitob “Welcome to Uzbekistan” seriyasining navbatdagi loyihasidir. Ushbu kitobga yurtimizning turli hududlarida tayyorlanadigan 365 ta taomlar retsepti kiritilgan.

Taqdimot doirasida restorator, o‘zbek milliy taomlarini dunyoga tanitayotgan muallif Bahriddin Chustiy ishtirokida milliy taomlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bahriddin Chustiy 25 ta milliy taomni tandirda pishirib ko‘rsatdi.