Ma’lumki, ikkinchi jahon urushi davrida Germaniyaning asosiy hududi ittifoqdoshlarning harbiy havo hujumlari oqibatida vayron bo‘lgan. Drezden va boshqa shu kabi bir-biridan go‘zal shaharlar xarobazorga aylantirilgan. Yaqinda germaniyalik tarixchi Ioxim Fest ittifoqdoshlar urush davrida ko‘p bor adolatsiz qarorlar qabul qilgani va xatoliklarga yo‘l qo‘yganini aytib o‘tdi.
Uning fikricha, bir qator nemis shaharlari harbiy zaruriyat yuzasidan emas, shunchaki havo hujumiga duchor qilingan. Aslida 1945 yil fevral oyining o‘rtalaridan boshlab, harbiy yurishlarga ehtiyoj qolmagandi. Chunki Gitler armiyasining inqirozi Germaniya chegaralari buzilgan paytdayoq ayon bo‘lgandi. Ardendagi «Rojdestvo sovg‘asi», ya’ni kutilmagan va shiddatli hujum fashistlarning mag‘lubiyatini deyarli hal qilgandi. Shuning uchun Drezdenni o‘qqa tutish voqeasi hanuz bahslarga sabab bo‘lmoqda. Shaharga qilingan havo hujumi umuman, hatto harbiy jihatdan ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Drezden hodisasidan so‘ng inglizlar yana bir qator yirik madaniy markazlar — Vyurtsburg, Potsdam, Gildesgeym, Xalbershtadt shaharlariga hech qanday harbiy zaruriyatdan kelib chiqmagan holda bomba yog‘dirishgan. Ular bu harakatlarni havo hujumidan muhofaza qiluvchi tizimlarni yo‘q qilish maqsadi bilan xaspo‘shlashgan. «Bombalar urushi» qoidaga ko‘ra faqat harbiy korxonalar va transport aloqalariga qarshi yo‘naltiriladi, tinch aholi hayotini barbod qilish yoki madaniy obidalarni xarobaga aylantirish vmumkin emas. Lekin Bomber command RAF boshqaruvchisi Xarris ushbu qonunni boshqa ma’noga burib yuborgan. U tinch aholi yashaydigan nuqtalarni nishonga olgan.
Urush tugaganligiga 60 yil to‘layotgan bo‘lsada, ba’zi masalalar o‘z yechimini kutib yotibdi. Shuningdek, turli tarixiy harakatlarning yangicha ko‘rinishlari vujudga kelmoqda. Xususan, endi shakllanayotgan neonatsizm yaqinda Bunday qilgani uchun ittifoqdoshlardan o‘ch oling!” shiorini ko‘tarib chiqdi.
Hozirda neonatsistlar soni ko‘payib bormoqda. Bunday xavfli guruhlarning asosini yoshlar tashkil qilayotir. “Ayrimlar neonatsistlikni qabul qilishayotgan ekan, demak ular hech narsani anglab yetishmabdi. Bu kabi hozirgi zamon qolipiga to‘g‘ri kelmaydigan guruhlarning paydo bo‘lishiga asosan, ommaviy ishsizlik sabab bo‘layotganligi achinarli hol. Neonatsist bo‘lish umuman aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Demokratik jamiyat shartlari va usullari bu kabi harakatlarni keskin qoralaydi, rad etadi.
XX asr o‘rtalaridagi «fyurer»lar, «duche»lar, «dohiy»lar va «diktator»larning tuzumlari qayta qaror topishiga yo‘l qo‘ymaydi. Masalaga qonuniy, adolatli tomondan qaraydigan bo‘lsak, urushdagi yo‘qotishlardan shovinistik ruhda emas, vatanparvarlik nuqtai nazaridan xulosa chiqarmoq darkor” deb o‘z fikriga yakun yasaydi nemis tarixchisi Ioxim Fest.
Saidjon MAXSUMOV tayyorladi.