21 may kuni Toshkentning Xadra maydonida Frantsiya, Germaniya va O‘zbekiston tsirk ustalarining hamkorlikdagi dasturi namoyish etildi. Tadbir O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari Fotih Jalolov hamda Frantsiya va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchilari Jak-Anri Els va Naytxart Hyofer-Vissing tomonidan ochib berildi.
Frantsiyalik dorbozlar (Xloye Mura, Mario Kolle, Mate Ibon), germaniyalik akrobatlar (Kira Paas, Anders Yensen), shuningdek, Toshkent tsirki vakillarining ochiq osmon ostidagi tomoshasiga bir necha yuz chog‘li izdihom yig‘ildi. Dorbozlik, akrobatika, raqqoslik va boshqa janrlardagi qiziqarli chiqishlar tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ayniqsa, frantsuz va olmon tsirk ustalarining abjirlik, chapdastlik, ayni choqda, nafosat va o‘ziga xos falsafiy mazmun bilan yo‘g‘rilgan tomoshalari o‘zbek auditoriyasiga chinakam yangilik bo‘ldi.
Evropa va O‘zbekiston tsirk ustalarining salkam bir haftalik muttasil mashq-mashg‘ulotlari mevasi bo‘lgan “Sirk.uz” dasturida G‘arb va Sharq tsirki an’analari uyg‘unligini ko‘rish mumkin edi.
Frantsiya va Germaniya tsirk ustalari ishtirokidagi xalq tomoshalari 23 may kuni Farg‘ona shahridagi “Kimyogar” madaniyat va istirohat bog‘ida, shuningdek, 24 may kuni Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Dasturga ko‘ra, frantsiyalik va germaniyalik dorboz hamda akrobatlar O‘zbekiston estrada va tsirk kolleji o‘quvchilariga tsirk san’ati borasida mahorat darslari o‘tadi.
Ochiq osmon ostidagi tsirk tomoshalari Frantsiya va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonalari, Toshkentdagi Gyote instituti hamda “O‘zbektsirk” respublika birlashmasi bilan hamkorlikda, Yelisey shartnomasi fondi dasturlari doirasida tashkil etildi.
1963 yil 22 yanvarda Frantsiya va Germaniya o‘rtasida imzolangan Yelisey shartnomasi ikki qo‘shni davlat hamkorligida yangi sahifa ochdi. Frantsuz davlat rahbari Sharl de Goll va olmon kantsleri Konrad Adenauer imzolagan mazkur tarixiy hujjat asosida siyosat, iqtisod va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar qayta jonlandi.
2003 yilda mazkur shartnoma imzolanganining 40 yilligi munosabati bilan Frantsiya va Germaniya o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Uchinchi davlatlarda madaniy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash fondiga asos solindi. Mazkur fond tomonidan tashkil etilayotgan ochiq osmon ostidagi tsirk tomoshasi singari dasturlar frantsuz-olmon do‘stligini yanada mustahkamlash, ikki xalq madaniyati va an’analarini namoyish etishga xizmat qiladi.
Sobir Salim
Yuriy Korsuntsev olgan surat