O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati bilan “Umra-2022” mavsumini amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga ko‘ra, hududlarda pandemiyadan oldin navbatda turgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish, aviaqatnov jadvallarini ishlab chiqish, qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmatiga ko‘ra, joriy yil 22 yanvar kuni mamlakatimizdan birinchi reys Saudiya Arabistoniga uchishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shundan so‘ng 25, 28 yanvar kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi. Kelgusida muborak safarga reyslar sezilarli darajada oshirib boriladi.
Joriy yil umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun to‘lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.
“Pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to‘lovlarni amalga oshirganlar tomonidan qo‘shimcha ravishda 4.770.000 so‘m mablag‘ to‘lanadi. Ushbu qo‘shimcha to‘lovni belgilashda mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o‘rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o‘rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarini ta’minlash, 15 foiz Saudiya QQS solig‘i kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarga xizmat qiladi”, – deyiladi Musulmonlar idorasi izohida.