Ukraina markaziy saylov komissiyasi tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, umumsaylovlarda qatnashgan 99,14 foiz saylov varaqalari hozirda nazoratdan o‘tkazildi.
Natijalarga qaraganda, Ukraina prezidentligiga bo‘lgan saylovlarda Viktor Yanukovich 49,42 foiz ovoz olgan. Uning raqibi Ukraina muxolifatchi «Mening Ukrainam» partiyasi rahbari Viktor Yushchenko 46,69 foiz ovoz to‘plagan.
Saylov komissiyasi o‘rtadagi tafovut bor-yo‘g‘i 2,73 foizni tashkil qilmoqda, deb xabar bergan. Ba’zi bir saylov uchastkalarida hali 0,86 foiz byulletenlar ustida aniqlash va tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Biroq, ushbu varaqalar endi hech qanday natijalarga ta’sir ko‘rsatolmaydi, deydi komissiya mutasaddi xodimlari.
Markaziy saylov komissiyasiga Yanukovichning tarafdorlari yetib kelib, g‘alabani nishonlash tadbirlarini boshlab yuborishdi. O‘z navbatida saylovlar jarayonini kuzatgan OBSE vakillari saylovlarning birinchi turi hamda ikkinchi turida ham ko‘plab qonun buzilishlari kuzatilgani va demokratik me’yorlarga javob bermasligini ta’kidlab o‘tishdi.
OBSEning Ukrainadagi vakili Bryus Jorjning aytishicha, davlat saylov jarayonlarini to‘la ochiqchasiga olib bormagan. OBSE vakili matbuot konferentsiyasi o‘tkazib, o‘z noroziligini bildirdi. Uning aytishicha, OBSE Ukraina hukumatini saylovlarni to‘la demokratik tamoyillar asosida o‘tkazishga da’vat qilgan edi. Ammo, bu safar ham jarayon oshkora tarzda bo‘lib o‘tmadi.
Xuddi shu fikrlarni Yevropa parlamenti assambleyasi ittifoqi va NATOning parlament assambleyasi mutasaddilari ham bildirdi. MDH davlatlari kuzatuvchilari esa, saylovlarning demokratik tarzda o‘tganligi haqida axborot berib, yirik qonun buzilishlari kuzatilmagan, deya fikrlar bildirishdi. MDH davlatlari federatsiyasi assambleyasi kengashi raisi Vadim Gustov «ba’zi bir yo‘l qo‘yilgan xatolarni aytmasa, biz saylovlarning to‘liq demokratik tamoyillar asosida o‘tganini tan olamiz va ularning ochiq tarzda o‘tkazilganini e’tirof etmoqdamiz», dedi.
Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Viktor Yanukovichni Donetsk, Lugansk, Zaparoje, Odessa, Nikolayevsk, Dnepropetrovsk viloyatlari, shuningdek, Sevostopol aholisi qo‘llab-quvvatlagan. Viktor Yushchenko uchun esa, Kiyev shahri, Ternopol, Ivano-Frankovsk, Lvov, Volinsk, Rovnensk, Vinnitsa, Poltava va Sumsk viloyatlari ovoz bergan.
Muxolifat kuchlari rahbari Yushchenko markaziy saylov komissiyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqib, raqamlarni soxtalashtirishda markaziy saylov komissiyasi rahbarini aybladi. U o‘z safdoshlarini ko‘chalarga chiqib, namoyishlar o‘tkazishga chaqirdi. So‘zini davom ettirib, ba’zi hududlarda, jumladan, Donetsk, Lugansk, Xarkov viloyatlarida ko‘plab byulletenlar soxtalashtirilgani haqida gapirdi.
Viktor Yushchenko va uning yaqin safdoshi Yuliya Timoshenko markaziy saylov komissiyasining faoliyatini salbiy baholab, ishonchsizlik bildirishdi. O‘sha kunning o‘zidayoq muxolifat Kiyevning Mustaqillik maydoniga 50 mingdan ortiq o‘z safdoshlarini namoyishga chorladi. Yushchenko tarafdorlari yaqin kunlarda poytaxt ko‘chalariga bir milliondan ortiq aholini yig‘ishga bel bog‘ladi. Zarg‘aldoqrang bayroqlarni osmonga ko‘tarib ular «Yushchenko bizning prezident», deya bong urmoqdalar.
Viktor Yushchenko navbatdan tashqari Ukraina parlamenti sessiyasini yig‘ishni talab qildi. Unda muxolifatchilar markaziy saylov komissiyasi ishi yuzasidan norozilik bildirish masalasini ko‘tarib chiqishmoqchi. Ukraina parlamenti deputati va «Bizning Ukraina» partiyasi rahbarlaridan biri Yuliya Timoshenko aholining o‘qish va ishlarini tashlab, umumbo‘ysunmaslik namoyishlarini o‘tkazishga chorladi.
Rossiya siyosatchilaridan biri Boris Nemtsov namoyishlarda qatnashib, Viktor Yushchenkoni qo‘llab-quvvatladi. Boshqa muxolifatchi, deputat Oleg Ribachukning aytishicha, hozirda parlamentning 150 nafar deputatining imzosini yig‘ib, markaziy saylov komissiyasiga ishonchsizlik masalasini parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishida muhokama etishga da’vat etmoqda.
Yushchenko rahbarlik qilayotgan «Bizning Ukraina» partiyasi raqamlar va dalillarni to‘laligicha o‘rganish komissiyasini tuzib, markaziy saylov komissiyasiga yetib kelmagan, ba’zi bir sabablarga ko‘ra o‘z uylarida ovoz bergan saylovchilarning byulletenlarini tekshirish kerakligini e’tirof etdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, bunday saylovchilar birgina Nikolayevsk viloyatida 30 foizni tashkil qiladi. Soxtalashtirish holatlari uning nazarida yana Donetsk, Lugansk, Nikolayevsk, Sumsk viloyatlarida avjiga chiqqan. Uning aytishicha, Yushchenko ushbu viloyatlar bo‘yicha saylov natijalarini bekor qilinishini talab qiladi. Chunki xalqaro va MDHdan kelgan kuzatuvchilar saylov vaqtida uchastkalardan noma’lum sabablarga ko‘ra olib chiqib ketilgan.
Ukrainada vaziyat o‘ta nozik bo‘lib qolmoqda. Rossiya va Ukraina siyosatshunoslarining izoh berishicha, hozir mamlakatda fuqarolarning ikkiga bo‘linishi kuzatilmoqda. Bu esa, nihoyatda xavfli vaziyatni keltirib chiqaradi. Ularning fikricha, hozirda amaldagi prezident Leonid Kuchma vaziyatga aralashib, xalqni osoyishtalikka chaqirishi kerak, deydi taniqli siyosatchilardan biri Vitaliy Bala.
«O‘ng qanot kuchlari ittifoqi» raisi Boris Nemtsov Ukrainada kuch emas, balki demokratiya va adolat ustun kelishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Ukrainadagi vaziyat, albatta, Rossiyaga ham ta’sir ko‘rsatadi, dedi u namoyishda so‘zga chiqib. Viktor Yushchenko esa, nutqini davom etib, agar Yanukovich prezident deb e’lon qilinsa, biz poytaxt markazida ko‘psonli namoyishlar o‘tkazamiz va natijalar yuzasidan sud va prokuratura organlariga murojaat qilamiz, deya o‘z noroziligini bildirgan.
Sarvar Fayzullayev