12 fevral kuni Turkmanistonda o‘tgan Prezident saylovida ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 3 140 865 nafari – 97,27 foizi qatnashdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar beradi.
Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi mamlakat ichida 2586 ta saylov uchastkasi tashkil etgan. Chet eldagi fuqarolar esa xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda tashkil etilgan 39 ta saylov uchastkasida ovoz bergan.
Mustaqil Turkmaniston tarixidagi beshinchi saylovni 3223 nafar milliy va 151 nafar xalqaro kuzatuvchi monitoring qilib borgan.
Saylovda Demokratik partiya, Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi hamda Agrar partiya tomonidan ko‘rsatilgan 9 nafar nomzod mamlakat oliy lavozimi uchun kurashmoqda.
Demokratik partiya Turkmanistonning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni, Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi “Risgal” aktsiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi Begmirat Ataliyevni, Agrar partiya esa Mari viloyati qo‘mitasi raisi Durdigilich Orazovni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan.
Shuningdek, saylovda qatnashish uchun fuqarolarning tashabbus guruhlaridan yana olti nafar nomzod ro‘yxatga olingan.
Mamlakatning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov oila a’zolari bilan Ashxoboddagi 68-maktabda tashkil etilgan 48-saylov uchastkasida ovoz bergan.
“Xalqimiz bugun o‘z taqdirini hal etish uchun saylovda ishtirok etmoqda. Millionlab kishilar konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, o‘zi istagan nomzodga ovoz bermoqda. Ular kelajak oldidagi zalvorli mas’uliyatini his etib, keyingi yetti yilda davlatni boshqaradigan nomzodni tanlamoqda”, – degan G.Berdimuhamedov.
Xabarlarga qaraganda, qolgan 8 nomzod ham kun davomida saylov uchastkalariga borib ovoz bergan.
Tahlilchilar saylovda asosiy nomzod amaldagi Prezident G.Berdimuhamedov ekanini ta’kidlab, uning g‘alabasiga shubha bildirmayotir.
Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, Turkmanistonda tug‘ilgan va so‘nggi 15 yil davomida shu yerda yashab faoliyat yuritgan, 40 yoshdan kichik bo‘lmagan va davlat tilini mukammal biladigan fuqarolar prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatiladi.
2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq, prezidentlik vakolati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan hamda davlat rahbarligi uchun 70 yoshlik yuqori yosh cheklovi bekor qilingan.
Mamlakatda so‘nggi prezidentlik saylovi 2012 yil fevralda o‘tkazilgan.
S.Salim