Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi “Tojikiston temir yo‘llari” davlat unitar korxonasi rahbari o‘rinbosari Usmon Qalandarovning “Avesto” axborot agentligi orqali bildirgan yangi temir yo‘l yo‘nalishlari xususidagi fikriga munosabat bildirdi. “Tojikiston temir yo‘llari” mansabdori 24 yanvar kuni Turkmanistonni aylanib o‘tgan holda, O‘zbekiston orqali Rossiyaga temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etilayotganini ma’lum qilgan edi.
Rasmiy Ashxobod Tojikiston rasmiysining ushbu bayonotini tushunish mushkulligini bildirgan.
Qayd etilishicha, turkman-tojik do‘stlik aloqalariga asoslanib, Turkmaniston ikki davlat o‘rtasida transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator loyihalarni taklif etmoqda. Turkmaniston tomoniga ko‘ra, ikki mamlakatning temir yo‘l sohasidagi samarali hamkorligi butun mintaqadagi iqtisodiy taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Ammo “Tojikiston temir yo‘llari” idorasi rahbarlaridan birining fikrlari yuqorida zikr etilgan maqsadlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi. Yuqori martabali shaxs “Turkmanistonni aylanib o‘tgan holda” yangi temir yo‘l yo‘nalishi ochilishi haqida gapirarkan, davlat miqyosidagi kelishuvlarni esga olmaydi. Holbuki, mazkur kelishuvlarga ko‘ra, Turkmaniston va Tojikiston yaqin yillarda Tojikistondan Turkmaniston orqali uchinchi davlatlarga yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirish orqali temir yo‘l transporti sohasidagi robitani yanada mustahkamlashni maqsad qilgan”, – deyiladi Turkmaniston TIV bayonotida.
Bundan tashqari, ikki davlat yangi temir yo‘l magistrallarini bunyod etishni ko‘zlamoqda. Masalan, Turkmaniston–Afg‘oniston–Tojikiston yo‘nalishi qurilishining birinchi bosqichi 2016 yil noyabrda Turkmaniston tomonidan yakunlandi.
Bayonotda Usmon Qalandarovning mulohazalari axloq me’yorlariga ham to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlanadi.
“Ma’lumki, qo‘shni do‘st mamlakat uchun og‘ir pallalarda Turkmaniston birodar tojik xalqiga hamisha yordamga oshiqqan”, – deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, aynan ikki mamlakatni bog‘lovchi temir yo‘llar orqali Turkmaniston Tojikistonga gumanitar yordam yuborgan va birodar mamlakat sifatida Turkmaniston bundan keyin ham tojik xalqiga ko‘mak berishdan to‘xtamaydi.
Ayni choqda, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston tomonini do‘stona deb atash mushkul bo‘lgan bu kabi bayonotlardan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.
Sobir Salim