Turkmaniston Betaraflik xalqaro maqomini olganiga 22 yil to‘ldi

12 dekabr kuni Turkmaniston Betaraflik xalqaro huquqiy maqomini olganiga 22 yil to‘ldi. Mazkur sana munosabati bilan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston xalqiga tabrik yo‘lladi.

Tabrikda mazkur tarixiy sana asrlar davomida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga sodiq bo‘lib kelgan mamlakat nufuzini yanada oshirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlanadi.

“Mamlakatimizning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ikki karra tan olingan Betaraflik huquqiy maqomi ichki va tashqi siyosatimiz asosini tashkil etadi. Betaraflik iqtisodiyotning jadal taraqqiyoti va aholi farovonligini izchil ta’minlashning asosiy shartlaridan biridir”, – deyiladi tabrikda.

Qayd etilishicha, Turkmanistonning turli yillarda BMTning Fan va texnika komissiyasi hamda Ijtimoiy taraqqiyot qo‘mitasiga saylanishi ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning xalqaro e’tirofi sanaladi.

“Turkmanistonning betarafligi xalqlarni jipslashtirib, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning yangi yo‘llarini ochadi. Zamonaviy havo bandargohlari, avtomobil yo‘llari, tranzit-transport koridorlarini qurib, biz xalqimizning ko‘p asrlik tinchlik va do‘stlik an’analarini yanada boyitmoqdamiz. Betaraflik kuni arafasida Serxetabat–Turgundi temiryo‘lining foydalanishga topshirilgani tarixiy voqea bo‘lib, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni butun dunyoga namoyon etib, mustaqil turkman davlati nufuzini oshirdi”, – deyiladi Turkmaniston Prezidenti tabrigida.

Turkmaniston rahbariga ko‘ra, zamonaviy dunyodagi yangi shart-sharoitlar, globallashuv jarayonlarini inobatga olib, rasmiy Ashxobod Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, O‘rta va Yaqin Sharq, Yevropa va Amerika davlatlari bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. BMT, YeI, MDH, ShHT, YeXHT, IHT, Qo‘shilmaslik harakati kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarni mustahkamlaydi.

Maktubda ichki va tashqi siyosatga tayanib, qulay geosiyosiy vaziyat hamda ulkan tabiiy boyliklar, qolaversa, ilmiy salohiyatdan foydalanib mamlakat dunyoning rivojlangan davlatlariga biriga aylantirilishi ta’kidlanadi.

Eslatib o‘tamiz. BMT Bosh Assambleyasi 1995 yil 12 dekabrdagi 50-yubiley sessiyasida Turkmanistonning doimiy betarafligi xususida rezolyutsiya qabul qildi. Betaraflik maqomi Turkmanistonga xalqaro munosabatlarning mustaqil sub’ekti sifatida milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarishning samarali yo‘llarini topish imkonini berdi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Turkmanistonning betaraflik modeli mintaqaviy baqarorlik va xalqaro tsivilizatsion muloqotga ham ko‘mak bermoqda. Alohida mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik tufayli rasmiy Ashxobod BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunga dalil sifatida BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 3 iyundagi 69-sessiyasida Turkmanistonning doimiy betarafligi xususida yana bir rezolyutsiya qabul qilinganini qayd etish mumkin.