Joriy yil 21-27 may kunlari dunyo miqyosida Turk oshxonasi haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Bu yil ikkinchi marta tashkil etilgan haftalikda YuNESKO ijodiy shaharlar tarmog‘i tomonidan “Dunyoning 26-gastronomiya shahri” deb e’lon qilingan Hatayning mintaqaviy taomlariga urg‘u berilmoqda.
Haftalik Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilmoqda.
Turkiyaning turli davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari qatori Toshkentdagi elchixona tomonidan ham Hatay oshxonasining o‘ziga xos ta’mini targ‘ib qilish maqsadida tadbir o‘tkazildi.
Haftalik ishtirokchilari mahalliy mahsulotlar va an’anaviy pishirish usullaridan foydalangan holda, Hatayning mahalliy taomlarini tayyorlab, qadimgi turk oshxonasi bilan tanishmoqdalar.
Hatay pazandalari O‘rta Yer dengizi iqlimi hukmron bo‘lgan unumdor tuproqlarda yetishtirilgan yuqori sifatli zaytun moyi va don, dukkakli ekinlar, sabzavotlar, mevalar, mahalliy o‘tlar va ziravorlarni birlashtirgan holda mo‘jizalar yaratadi.
Olis tarix davomida turli tamaddunlarga mezbonlik qilgan shaharning oshpazlik merosi yuzlab taomlari bilan diqqatni tortadi. Turk oshxonasi haftaligi doirasida tayyorlanadigan Hatay taomlar ro‘yxatida “biberli ekmek” (qizil murch pastasi qo‘shilgan non), “zaytun salati”, “hummus”, “kisir” (bulg‘ur salati), “tepsi kabob” (tandirda pishirilgan kabob) va “kunefe” (pishloqli shirinlik) kabilar mavjud.
Turk pazandaligi turli iqlimlarda yashovchi, turfa xil ta’b sohiblariga birdek ma’qul keluvchi taomlarga ega. Mamlakatning betakror iqlimi, boy flora va faunasi pazandalik an’analarining shakllanishida muhim rol o‘ynagan.
Serhosil va unumdor yerlarda, sifatli urug‘lardan yetishtirilgan mahalliy mahsulotlar, anvoyi sabzavot va mevalardan tayyorlangan taomlar asrlar sinovidan o‘tgani bilan qadrlidir. Turk taomlarini tayyorlashda ortiqcha chiqindilarga yo‘l qo‘yilmasligiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Mavzuga doir maqola:
Toshkentda ham “Turk oshxonasi haftaligi” doirasida tadbir o‘tkazildi. 27.05.2022