Turkiyaning O‘zbekistonga viza tartibini tiklashi haqidagi xabarlar asossiz

Turkiyaning joriy yil 1 iyundan dunyoning 89 davlati, jumladan, O‘zbekistonga nisbatan viza tartibini qayta joriy etishi haqidagi xabarlar asossizdir. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi rasman ma’lum qildi.  

Gap shundaki, 8 yanvar kuni bir qator xorijiy davlatlar matbuoti Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi kelishuvlarga asosan Anqara O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina kabi 89 davlatga nisbatan viza tartibini tiklashi xususida xabarlar tarqatgan edi.

Anqara bayonotiga ko‘ra, Turkiya fuqarolarining Shengen davlatlariga vizasiz kirishi borasida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar hali davom etmoqda.

“Turkiya YeIning to‘la huquqli a’zosi bo‘lganidan keyingina YeI me’yorlariga muvofiq biz tomonimizdan uchinchi davlatlarga viza tartibini joriy etish lozim hisoblanadi. Demak, Turkiya  1 iyundan YeI vizasini olishi talab etiladigan mamlakatlar fuqarolariga viza joriy etishni rejalashtirayotgani xususidagi xabarlar haqiqatga ziddir”, deyiladi Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Avvalroq mazkur xabarni Turkiyaning Yevropa Ittifoqi masalalari bo‘yicha vaziri Volkan Bozqir ham rad etgan edi. Turkiya YeI bilan vizasiz tartib borasida muzokara olib borayotganini ta’kidlagan vazir bu borada faqat vakolatli idoralar ma’lumotiga ishonishni maslahat bergandi.

Anqara 2007 yil 1 avgustdan Turkiyaga sayyoh sifatida boradigan O‘zbekiston fuqarolariga viza tartibini bekor qilgan edi. Mazkur tartibga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari Turkiya hududiga vizasiz kirishi va bir oygacha emin-erkin yurishi mumkin. Mamlakatga sayyohlarni ko‘proq jalb etish maqsadida joriy etilgan ushbu tartib O‘zbekiston fuqarolariga yengillik berib, turistlar oqimini ko‘paytirdi. Ma’lumotlarga qaraganda, har yili minglab o‘zbekistonliklar Turkiyaga tijorat va ziyorat maqsadida boradi.  

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 8 yanvardan Turkiyaga dengiz va aviatransport vositasida kelayotgan Suriya fuqarolariga viza tartibi joriy etildi. Mazkur chora noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash maqsadida amalga kiritildi.

Sobir Salim