Turkiya vatandoshlari uchun viza tartibi soddalashtirilishi ishbilarmonlik va sayyohlikni kengaytiradi

O‘zbekiston Turkiya vatandoshlari uchun viza tartibini soddalashtirdi. Endilikda O‘zbekistonga ishbilarmonlik yoki turistik maqsadda tashrif buyuruvchi Turkiya vatandoshlari uchun viza uch kun ichida rasmiylashtiriladi. Bu borada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni qaror qabul qilgan. Mazkur hujjat O‘zbekistonning Turkiya bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorligini jadallashtirishga qaratilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonga ishbilarmonlik maqsadida tashrif buyuruvchi Turkiya vatandoshlariga bir yilgacha muddatdagi ko‘p martalik vizalar uch ish kuni davomida (hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmaganda) O‘zbekistonning xorijdagi muassasalari tomonidan rasmiylashtiriladi. Shu tariqa O‘zbekistondagi yuridik shaxslarning taklifnoma yuborishni so‘rab murojaat qilish talabi bekor qilindi.

O‘zbekistonga sayyoh sifatida tashrif buyuruvchi Turkiya vatandoshlariga bir oygacha muddatdagi vizalar ham uch ish kuni davomida rasmiylashtiriladi. Bu borada ham sayyohlik tashkilotlari taklifnomalarni taqdim etish talabi bekor qilindi.

Turkiya 2007 yilda O‘zbekiston bilan viza tartibini bekor qilgan bo‘lib, O‘zbekiston fuqarolari ushbu mamlakatda 30 kun davomida viza rasmiylashtirmasdan yurish huquqiga ega.

Rasmiy Anqara O‘zbekiston ham Turkiya vatandoshlari uchun viza talabini bekor qilishini eslatib kelayotgan edi. Xususan, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li o‘tgan yil noyabrda O‘zbekistonga safari arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ikkiyoqlama vizasiz tartib o‘zaro hamkorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Mutaxassislarga ko‘ra, Turkiya vatandoshlariga viza tartibining soddalashtirilishi birinchi navbatda savdo-iqtisodiy munosabatlarning kengayishi, ishbilarmonlikning rivojlanishiga xizmat qiladi. Ayni vaqtda yurtimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, qurilish, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan turk shirkatlarida 50 mingga yaqin ishchi o‘rni yaratilgan. Viza tartibining soddalashtirilishi esa O‘zbekistonda Turkiya kompaniyalari soni oshishiga olib keladi.

So‘nggi yangiliklarga ko‘ra, Toshkent markazidagi 80 gektar maydonni egallaydigan Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazini ham Turkiyaning Tabanlıoğlu Architects kompaniyasi me’morlari bunyod etadi.

Viza tartibining soddalashtirilishi o‘zaro sayyohlar almashuvini kengaytirishga ham xizmat qiladi. Avval xabar berganimizdek, joriy yil 13 sentyabr kuni O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va Turkiya madaniyat va turizm vaziri Numan Kurtulmush Xitoyning Chendu shahrida, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti anjumani doirasida uchrashgan. Muzokaralarda joriy yil noyabrda Turizm bo‘yicha o‘zbek-turk qo‘shma komissiyasi ta’sis etilishi ma’lum qilingan.

Umuman, Turkiya rahbariyati O‘zbekistonning turizm bo‘yicha imkoniyatlarini yuqori baholaydi. Jumladan, Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2016 yil dekabrda Yildirim Boyazid universiteti talabalari bilan uchrashuvda turkiyalik talabalarning Buxoro va Samarqandga sayohatini uyushtirishni taklif etgan edi.

2016 yil 18 noyabr kuni Samarqandda bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Imom Buxoriy, Imom Moturidiy maqbaralari, Go‘ri Mir qadamjosi, Mirzo Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori madrasalarini ziyorat qilgan edi. Ushbu safardan mutaassir bo‘lgan davlat rahbari Buxoroni Bursadan, Samarqandni Ko‘nyo va Istanbuldan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi degan xulosaga kelgan.

“Buxoro va Samarqandni ziyorat qilib, bu shaharlarning har bir go‘shasidagi san’at asarlariga maftun bo‘lmaslikning, hayron qolmaslikning iloji yo‘q. Bu jihatdan, Buxoroni Bursadan, Samarqandni Istanbul va Ko‘nyodan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Men ushbu universitetimiz rektoriga qulay fursatda o‘sha shaharlarga talabalarimizning sayohatini uyushtirishni taklif etaman”, – degan edi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on talabalar bilan uchrashuvda.

Turkiya vatandoshlari uchun viza tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga safari arafasida chiqarilgani ramziy ma’noga ega. Turkiya iqtisodiyot vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning 25-27 oktyabr kunlari davom etadigan tashrifi Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on taklifiga ko‘ra amalga oshirilmoqda.

S.Salim