Turkiya Prezidenti: Terrorchi tashkilotlar shaxmatdagi piyodaga o‘xshaydi…

“Islom davlati” terrorchi tashkiloti safida urush olib borgan jangarilar endilikda PYD va YPG guruhlari tarkibida begunoh insonlar qonini to‘kmoqda. Bu haqda  Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqarada o‘tgan mahalliy kengashlar raislari bilan uchrashuvda ma’lum qilgan. Turkiya yetakchisi, shuningdek, PYD va YPG guruhlarini tinchlik yo‘lida harakat qilayotgan tashkilot sifatida talqin qilish xato ekanini ham ta’kidlagan.  PYD terrorchi tashkiloti PKK to‘dasi bilan hammaslak ekani NATO ko‘magida o‘tkazilgan tadqiqotlarda tasdiqlangan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on terrorchi tashkilotlarni shaxmat taxtasidagi piyodaga o‘xshatib, yovuzlik ustidan chinakam g‘alabaga erishish uchun qo‘poruvchi guruhlar ortidagi kuchlar fitnasiga barham berish muhimligini uqtirgan.

 PKK, PYD, YPG – uch nomdagi bir tashkilot?!

YPG jangarilari

Rasmiy Anqara ko‘pdan beri PYD (Demokratik ittifoq partiyasi) va YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) xatarli harakatlar ekanidan ogohlantirib kelmoqda. Xo‘sh, ushbu ikki tashkilotning xatari nimada?

Xabaringiz bor, PKK (Kurdiston ishchi partiyasi) necha yillardan buyon Turkiya fuqarolari va davlat muassasalariga qurolli hujumlar uyushtirib kelmoqda. Jangari partiya, ayniqsa, 2016 yilning iyulidan faollashib ketganini kuzatish mumkin.  O‘shandan buyon PKK uyushtirgan hujumlarda 500 nafar tinch aholi va 800 ga yaqin xavfsizlik kuchlari vakili halok bo‘lgan. O‘z navbatida, Turkiya huquq idoralari amalga oshirgan operatsiyalarda 8000 ga yaqin PKK jangarici o‘ldirilgan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi PKKni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Ammo G‘arbning ko‘plab mamlakatlari, xususan, AQSh 2003 yilda Suriyadagi kurdlar tomonidan tashkil etilgan PYDni (Demokratik ittifoq partiyasi) PKKga aloqadorligini rad etib, uni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Tahlillarga qaraganda, PYD – Kurdiston ishchi partiyasining Suriyadagi shaxobchasidir. Mazkur guruh PKK rahbari Abdulla Ojalanning buyrug‘i bilan 2003 yilda tashkil etilgani ma’lum. Kuzatuvchilarga ko‘ra, YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) esa PYDning jangovar qanoti hisoblanadi.  Ayni paytda har ikki tashkilot Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilariga aloqador emasligini aytib keladi. Bir qator ekspertlar nazdida esa, uchala tashkilot ham bir maqsadni ko‘zlab faoliyat yuritib kelayotir. Masalan, Amnesty International tashkiloti 2015 yil 13 oktyabrda e’lon qilgan hisobotda YPG Suriyadagi arab va turkmanlarga qarshi harbiy jinoyatlar sodir etgani xususida so‘z boradi. Xavotirli jihati shundaki, Suriyadagi boshboshdoqlik bois PYD va YPG jangarilari o‘z faoliyatini qonuniylashtirishga urinayotir.

 Kontrabanda, narkotik savdosi va reket

Diyorbakirda PKKga qarshi namoyish

“PYD jangarilari Iroq va Suriyadagi xaosdan foydalanib, qurol-aslaha sotib olmoqda. Bundan tashqari, ular Iroq armiyasi, shia isyonchilari, peshmerga kuchlari va Asad tarafdorlarining qurol-yarog‘iga ham ega chiqmoqda”, – deydi Turkiya Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) eksperti Jan Ajun Onado‘li axborot agentligiga bergan intervyusida.

AQSh 2014 yildan buyon PYD guruhiga qurol va o‘q-dori yetkazib berayotgani ma’lum. Ekspert Jan Ajunga ko‘ra, AQSh va ayrim G‘arb mamlakatlari PYD a’zolariga yetkazib berayotgan qurol-yarog‘ va harbiy texnika ham oxir-oqibat PKK jangarilari qo‘liga tushmoqda. Ayni choqda, turkiyalik tahlilchi ham PKK va PYDning ildizi bir ekanini ta’kidlagan.

Rasmiy Anqara ko‘p yillardan buyon PKK nafaqat Turkiya milliy birligi va davlatchiligiga, balki butun mintaqa barqarorligiga tahdid ekanidan ogohlantirib keladi. Tahlillarga qaraganda, kontrabanda, giyohvandlik moddalari savdosi va reket mazkur terrorchi guruhning asosiy daromad manbalari bo‘lib qolmoqda. PKK birgina narkotik moddalar savdosidan yiliga 1,5 millird AQSh dollari miqdorida daromad olishi haqida ma’lumotlar bor. Turkiya xavfsizlik kuchlari terrorga qarshi kurashni kuchaytirayotgan bir paytda PKK chet eldagi faoliyatini jonlantirishga urinmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, PKK terrorchilari ayrim G‘arb mamlakatlarida qo‘poruvchi emas, jabrdiyda sifatida qabul qilinayotir. Rasmiy Anqara buni o‘ta xatarli hol deb hisoblaydi. Turkiya rahbariyati PKK va boshqa terrorchi to‘dalarga aslo shafqat qilinmasligini ta’kidlamoqda.

Cobir Salim