Zilziladan jabr ko‘rgan aholiga xavfsiz va sifatli turarjoylarni taqdim etish bosh vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun Gretsiyaning “Kathimerini” gazetasiga bergan intervyusida gapirgan.
“Hozirgi vaqtda hukumatimiz fuqarolarimizning ehtiyojlarini qondirish va zilziladan zarar ko‘rgan shaharlarimizni qayta tiklashdan boshqa ustuvor vazifaga ega emas”, – deydi professor F.Altun.
Qayd etilishicha, 6 fevral kuni ro‘y bergan ikki kuchli zilzila 1999 yilda Marmar dengizi mintaqasida qayd etilgan yer qimirlashidan ham kuchliroq bo‘lib, 11 ta viloyatda talafotlar keltirdi. Shu sabab u “asr falokati” deb atalmoqda.
F.Altunga ko‘ra, Turkiya vakolatli idoralari zilzila oqibatlarini bartaraf etish, qidiruv-qutqaruv uchun bor kuchini ishga solgan holda harakat qilmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakat mushkul pallada bir mushtga, yagona yurakka aylandi. Ayni choqda, fojia ko‘lami va qutqaruv amaliyotini xolis baholamayotganlar ham talaygina.
Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari mart oyidayoq zilzila hududlarida yangi turarjoylar qurilishi boshlanishini tasdiqlar ekan, fuqarolarni xavfsiz va sifatli turarjoy bilan ta’minlashga mamlakatning qudrati va salohiyati yetarli ekanini ta’kidlagan.
Professor Altun Gretsiya bilan munosabatlardagi tushunmovchiliklarni ham samimiy muloqot orqali hal etish mumkinligini aytgan.
“Vaqti-vaqti bilan davlatlar o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lishi tabiiy. Biz bu kelishmovchiliklarni xalqaro huquq normalari asosida mazmunli va samimiy muloqot va adolatli tarzda hal qilishimiz kerak. Turk millati do‘stona uzatilgan yordam qo‘lini hech qachon bo‘sh qoldirmaydi”, – deb xulosa qilgan Turkiya prezidenti devoni vakili.
Avvalroq Faxriddin Altun zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun kurashayotgan Turkiya axborot xuruji, dezinformatsiya xatariga duch kelgani haqida bayonot bergan edi.