Turkiya jaz san’ati vakillari O‘zbekistonda kontsert beradi. Mazkur ijodiy safar O‘zbekistonda joriy yil aprelda YuNESKO shafeligida o‘tkazilayotgan xalqaro jaz festivali doirasida tashkil etilmoqda.
Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va sayyohlik bo‘limi xabariga ko‘ra, jaz festivaliga besh nafar turk can’atkori kelishi kutilmoqda.
“Ahmet Berker (fortepianochi), Ahmet Elmas (saksofonchi), Jan Somel (xonanda), Byulent Gyokxan Somel (kontrabaschi) hamda Serkan Alagyok (udarnik cholg‘uchisi) musiqa bo‘yicha akademik ta’lim olgan tajribali san’atkorlar sanaladi. Ularning ayrimlari simfonik orkestr sozandasi bo‘lsa, ayrimlari oliy o‘quv yurtida saboq beradi. Bu san’atkorlarni jaz janriga bo‘lgan kuchli ixlosu muhabbat hamda mazkur yo‘nalishdagi ko‘p yillik tajriba birlashtirib turadi”, – deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va sayyohlik bo‘limi xodimasi Saodat Fayziyeva.
Qayd etilishicha, Turkiya jaz san’ati vakillari 26-27 aprel kunlari Toshkentda ijodiy dasturlarni taqdim etadi. Gastrol davomida turk san’atkorlari ishtirokida mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Osiyo va Yevropani bog‘lovchi ko‘prik sanalgan Turkiyada keyingi yillarda jaz san’atining jadal ravnaq topayotganini kuzatish mumkin.
Mamlakatda o‘tgan asrning 30-yillarida dastlabki professional jaz orkestrlari tashkil etilgan. 1940-yillardan ushbu san’atga bag‘ishlangan maxsus radioeshittirishlar efirga uzatila boshlagan. Xorijlik mashhur jaz ustalari ta’sirida turk yoshlari orasidan ham jaz san’at namoyandalari yetishib chiqqan.
Shu tariqa Turkiyada jazning Sharqu G‘arb ohanglarini uyg‘unlashtirgan o‘ziga xos yo‘nalishi shakllandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, turk jaz ustalari shunchaki nusxakash bo‘lib qolmay, milliy ohanglar hamda folklor an’analarini zamonaviy jazga mahorat bilan vobasta eta oldi.
Ayni paytda Turkiya mintaqadagi jaz markazlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Mamlakatning Istanbul, Anqara, Izmir, Antaliya kabi yirik shaharlarida har yili jaz festivallari uyushtirish an’anaga aylangan. Yevropaning “Nyu-Yorki” deb e’tirof etilgan Istanbul har yili iyul oyida, Izmir shahri esa mart oyida xalqaro jaz festivaliga mezbonlik qiladi.
Masalan, 2015 yili 22-bora o‘tkazilgan Istanbul jaz festivalida dunyoning mashhur san’atkorlari jam bo‘lgan. O‘shanda turk jaz san’ati faxriysi – pianinochi va bastakor Emin Findiko‘g‘lining dasturi yuqori baholangan.
Darvoqe, 2013 yili rejissyor Botu Oqyol suratga olgan “Turkiyada jaz” hujjatli filmida mazkur san’at yo‘nalishining vujudga kelishi va shakllanishi haqida hikoya qilinadi.
Sobir Salim