Turkiya xalqi prezidentlik boshqaruvini tanladi

16 aprel kuni Turkiyada o‘tgan prezidentlik vakolatlarini kengaytirishga doir referendumning dastlabki natijasi e’lon qilindi. Onado‘li axborot agentligi xabariga ko‘ra, 99,9 foiz byulletenlar hisoblanganidan keyin 51,2 foiz elektorat (24 325 985 kishi) prezidentlik boshqaruvi uchun, 48,8 foizi (23 189 021 kishi) unga qarshi ovoz bergani ma’lum bo‘lgan.

Mamlakat bo‘ylab 167140 saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ovoz berish huquqiga ega 55 million 319 ming 222 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 87,28 foizi o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan.

Konstitutsiyaviy islohotlarning tashabbuskori, mamlakat Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbuldagi saylov uchastkasida ovoz berarkan, mazkur referendum mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.

Referendumning dastlabki natijalari e’lon qilinganidan keyin Istanbulda chiqish qilgan Prezident Erdo‘g‘on xalq o‘z kelajagi uchun ovoz berganini qayd etgan. Davlat rahbari o‘z chiqishida 16 aprelni Turkiya uchun tarixiy sana deb atagan va referendumda butun xalq g‘alaba qozonganiga urg‘u bergan. Turkiya yetakchisi mamlakat bir tanu bir jon bo‘lib har qanday mashaqqatlarni yengib o‘tishiga ishonch bildirgan.

Mamlakat bosh vaziri, Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi Binali Yildiriy ham referendumning dastlabki natijasi e’lon qilingach, Anqarada chiqish qilgan. Hukumat rahbari ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar qayd etilmaganini ma’lum qilgan hamda Turkiya xalqini tarixiy g‘alaba bilan tabriklagan.

18-moddadan iborat konstitutsiyaviy qonun Turkiya Prezidenti vakolatlarini kengaytirish va uning maqomini ko‘tarishni ko‘zda tutadi. Bunga ko‘ra, Prezident farmonlar qabul qilish, vazirlarni tayinlash va bo‘shatish vakolatiga ega bo‘ladi. Amaldagi Bosh vazir lavozimi esa bekor qilinadi. Bundan tashqari, qonun Qurolli kuchlar va maxsus xizmatlarning bevosita Prezidentga bo‘ysunishini nazarda tutadi.

Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, davlat rahbari biror partiyada a’zo bo‘lib qolishi mumkin (amaldagi qonunchilik Prezidentning biror partiyaga mansubligini istisno etadi). Mamlakat yetakchisi besh yildan ikki vakolat muddatiga saylanish huquqi ega bo‘ladi.

Sirasini aytganda, hokimiyatdagi Adolat va taraqqiyot partiyasi taklif etayotgan Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar Turkiyaning parlament boshqaruvidan prezidentlik tizimiga o‘tishini anglatadi.

Shuningdek, yangi loyihaga muvofiq, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputatligiga saylanishga oid yosh chegarasi 25 yoshdan 18 yoshga tushiriladi, parlament a’zolari soni esa 550 nafardan 600 nafarga oshiriladi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ko‘pdan buyon amaldagi parlament boshqaruvi o‘zini oqlamayotgani, bugungi qaltis sharoitda eng maqbul yechim prezidentlik tizimiga o‘tish ekanini ta’kidlab kelmoqda. Turkiyaning amaldagi yetakchisi prezidentlik boshqaruvi mamlakat taraqqiyotini yanada jadallashtirib, boshqaruv samaradorligini oshiradi, deb hisoblaydi.

“An’analarimizdan ulgi olib, Turkiya uchun maqbul prezidentlik tizimini  amalga kiritish vaqti keldi. Bu mamlakatimizning yanada jadal taraqqiyotiga xizmat qiladi”, – degan edi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qatarning “Al-Jazira” telekanali orqali chiqishida.

Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, yangi Konstitutsiya va prezidentlik boshqaruvi davr talabi sanaladi va bu tizim butun xalq manfaatlariga xizmat qiladi. Pirovardida esa prezidentlik boshqaruvi Turkiyani qudratli mamlakatga aylantiradi.

Eslatib o‘tamiz, konstitutsiyaviy tuzatishlardan so‘ng Turkiyada parlament va prezidentlik saylovlari 2019 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqola:

Turkiyaga prezidentlik boshqaruvi qanday afzalliklar beradi? 25.02.2017