Turkiyada yaqin fursatda fazoviy tadqiqotlar bo‘yicha milliy agentlik tashkil etiladi. Mazkur masala bugun Turkiya siyosiy doiralari va ilm-fan ahli orasida keng muhokama qilinmoqda.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on fazoviy tadqiqotlarni rivojlantirish muhim vazifa ekanini ko‘pdan beri ta’kidlab keladi. Mamlakat yetakchisi bu boradagi izlanishlar kuchaytirilishi, vaqti kelib fazoga turk astronavti uchirilishi haqida ham gapirgan.
Aslida, Turkiyada fazoviy tadqiqotlar agentligini tashkil etish tashabbusi ancha yil ilgari paydo bo‘lgan. Ammo turli sabablarga ko‘ra bu tashabbus oxiriga yetmayotgan edi.
Iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi ishlab chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, yangi agentlik AQSh, Germaniya, Frantsiya, Yaponiya kabi mutaraqqiy mamlakatlar tajribasini uyg‘unlashtirgan holda, fazoviy sohadagi loyihalarni muvofiqlashtirish, ilg‘or aerokosmik tizimlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi. Kelajakda esa mamlakatda kosmonavtlar tayyorlash markazi, ilmiy tadqiqot laboratoriyalari hamda boshqa tuzimalarni o‘z ichiga olgan fazoviy shaharchaga asos solinadi.
Xo‘sh, fazoviy tadqiqotlar agentligi hozirgi sharoitda Turkiya uchun qanchalar muhim?
Yangi agentlik fazoni tadqiq etish borasida mamlakatga ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Avvalo, Turkiya fazoviy tadqiqotlar bo‘yicha alohida boshqaruv idorasiga ega sanoqli davlatlardan biriga aylanadi. Fazoni ilmiy o‘rganish juda katta mablag‘ talab etgani bois dunyoning sanoqli mamlakatigina bu bo‘yicha alohida tuzilmaga ega.
Qolaversa, mamlakat mustaqil ravishda sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqarish va uchirish hamda eksport qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Turkiya birinchi sun’iy yo‘ldoshini 1994 yilda uchirgan. 1996 va 2001 yillarda Yevropaning “Airbus” konsortsiumi ko‘magida orbitaga yana ikkita sun’iy yo‘ldosh chiqarilgan. Keyinroq yana uchta harbiy va kuzatuv sun’iy yo‘ldoshlari uchirilgan. Shu tariqa keyingi chorak asr ichida mamlakat o‘nga yaqin sun’iy yo‘ldosh uchirdi. Ammo ularning barchasi hamkor davlatlarga tegishli kosmodromlar orqali orbitaga chiqarilgan.
Fazoviy tadqiqotlar agentligi tashkil etilishi bilan Turkiya o‘z kosmodromiga ega davlatlar safiga kirishi hamda sun’iy yo‘ldoshlarni mustaqil ishlab chiqarib, uchirishi mumkin bo‘ladi. 2016 yil holatiga ko‘ra, orbitada 50 ta davlatning sun’iy yo‘ldoshi bor. Ammo ulardan faqat o‘nga yaqin davlat o‘z kosmodromiga ega.
2018-2019 yillarda, shuningdek, Türksat 5A va Türksat 5B sun’iy yo‘ldoshlarini uchirish rejalashtirilgan. Turkiya Respublikasi e’lon qilinganining 100 yilligi – 2023 yilda sun’iy yo‘ldoshlar sonini yanada oshirish belgilangan.
Bundan tashqari, Turkiya fazoviy tadqiqotlar sohasida mahalliylashtirish dasturini amalga oshirmoqchi, ya’ni bu borada xorijiy davlatlarga tobelikni kamaytirmoqchi. Davlatga qarashli Türksat sun’iy yo‘ldosh operatori ma’lumotiga qaraganda, Türksat-5A yo‘ldoshining 25 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tegishli bo‘lsa, 2020 yilda uchiriladigan Türksat-6A to‘liq milliy mahsulot bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Fazoviy tadqiqotlar agentligi, qolaversa, milliy xavfsizlik, mudofaa kabi strategik sohalarni yanada takomillashtirish, dunyo ilm-faniga yangi kashfiyotlar tuhfa etishga xizmat qiladi. Sirasini aytganda, yangi agentlik NASA (AQSh), ESA (Evropa) kabi ilg‘or tuzilmaga aylanishi kutilmoqda.
Turkiya keyingi yillarda yirik islohotlarni amalga oshirib, 2023 yilga mo‘ljallangan strategik maqsad sari intilmoqda. Fazoviy tadqiqotlar agentligining ochilishi esa bu yo‘ldagi navbatdagi dadil qadam sanaladi. Yangi tuzilma fazoviy texnologiyalar yordamida taraqqiyot va xavfsizlikni ta’min etish, yangi tabiiy boyliklarni topib, aholi farovonligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Boya ta’kidlanganidek, Turkiya rahbariyati birinchi turk fazogirining parvozi ustida ham bosh qotirmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Turkiya kosmonavt tayyorlash bo‘yicha Yaponiya, Rossiya va AQSh mamlakatlari takliflarini o‘rganmoqda. Masalan, Yaponiya tomoni bitta kosmonavtni to‘laqonli tayyorlash uchun 25 million dollar kerakligi ma’lum qilgan. Muzokaralar ijobiy natija bersa, orzular ro‘yobga chiqib, birinchi turk fazogiri parvozi amalga oshishi mumkin.
Rasmiy Anqara soha bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga intilmoqda. Masalan, o‘tgan yili Yaponiya bilan fazoviy texnologiyalar sohasida shartnoma imzoladi. Bunga ko‘ra, Yaponiya bir necha yil davomida Turkiyada fazoviy texnologiyalar infrastrukturasini bunyod etishda ko‘maklashadi.
2017 yil noyabrda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Amerikaning dunyoga mashhur “Space X” kompaniyasi asoschisi Ilon Maskni qabul qildi. Mazkur uchrashuvda ham ko‘plab dolzarb mavzular qatorida fazoviy tadqiqotlar masalasi muhokama etilgan.
Turkiya keyingi yillarda iqtisodiy jabhada katta yutuqlarga erishdi. Mamlakatning dunyo maydonida va geosiyosatda o‘rni yanada oshdi. Rasmiy Anqara bugun mintaqaviy va global muammolarni hal etishda faol qatnashmoqda. Bu jihatdan, fazoviy tadqiqotlar bo‘yicha milliy agentlikning tashkil etilishi mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega qarordir. Negaki, milliy agentlikning tashkil etilishi mamlakatning global nufuzini yanada mustahkamlaydi.
1957 yil 4 oktyabrda Sovet Ittifoqi ilk bor “Sputnik-1” deb nomlagan Yer sun’iy yo‘ldoshini uchirgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1958 yil 31 yanvarda AQSh “Yupiter-S” sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi. Shu tariqa dunyoning peshqadam davlatlari o‘rtasida fazoni “zabt etish” bo‘yicha kimo‘zar musobaqa boshlandi. Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy muammolarni bosqichma-bosqich hal etgan Turkiya ham vaqti-soati kelib peshqadamlar bahsiga dadil qo‘shilmoqda.
Sobir Salim