15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringanlar albatta jazosini oladi. Bu haqda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on davlat to‘ntarishiga urinish payti shahid ketganlarni dafn etish marosimida ma’lum qilgan.
Prezidentga ko‘ra, Turkiya xalqi o‘limdan ham qo‘rqmay, vatanga xiyonat qilgan harbiylarga qarshi namoyishlarga chiqdi. Odamlar “Agar ularning tank va to‘plari bo‘lsa, bizning imonimiz bor” deya mamlakat yaxlitligini himoya qildi.
Turkiya yetakchisi demokratik yo‘l bilan saylangan davlat boshqaruvi idoralariga qarshi chiqqan harbiylarni caraton o‘smasiga o‘xshatgan va barcha boshqaruv organlari bunday viruslardan tozalanishini aytgan.
Mamlakat rahbari demokratik saylangan hukumatni faol qo‘llab-quvvatlagan fuqarolarga minnatdorlik bildirgan.
“Millatimiz ilk daqiqalardan ko‘cha va maydonlarga chiqdi. Aynan sizning faolligingiz sababli davlat to‘ntarishi tarafdorlarining rejalari chippakka chiqdi. Birligimiz va yakdilligimiz bardavom bo‘lsin”, – degan Turkiya Prezidenti.
15 iyul kungi harbiy to‘ntarishga urinish AQShda yashayotgan Fathulla Gulen asos solgan “Parallel davlat” tuzilmasi (FETÖ) tomonidan uyushtirilgani aytilmoqda. Shunga ko‘ra, Rajab Toyib Erdo‘g‘on AQShdan Fathulla Gulenni Turkiyaga topshirishni so‘ragan.
O‘z navbatida, mamlakat bosh vaziri Binali Yildirim Anqara bosh maydonida yig‘ilgan ulkan izdihom qarshisida nutq so‘zlab, xalqiga qarshi qurol ko‘targan shaxslarni aslo harbiy xizmatchi deb atab bo‘lmasligini ta’kidlagan.
“Askar libosini kiygan qotil va terrorchilar qilmishi uchun javob beradi. “Parallel davlat” terrorchi tashkiloti a’zolari bilan shonli turk armiyasini zinhor chalkashtirmaylik. Ishonchingiz komil bo‘lsin, FETÖ terrorchilari ertami-kechi xiyonati uchun javob beradi”, – degan Binali Yildirim.
Onado‘li axborot agentligiga ko‘ra, 15 iyul kuni Turkiyadagi bir guruh harbiylarning davlat to‘ntarishga urinishi 22 soat ichida bartaraf etildi.
Eslatib o‘tamiz, shanbaga o‘tar kechasi bir guruh harbiylar Turkiya Qurolli Kuchlari shtabi va davlat teleradiokompaniyasi binosini bosib oldi. Istanbuldagi Bosfor va Fotih Sulton ko‘priklarini to‘sib qo‘ydi. Qurolli Kuchlar Bosh shtabi rahbarini garovga oldi.
Isyonchi harbiylar televideniye orqali davlat to‘ntarishi amalga oshirilgani, hokimiyat ular qo‘liga o‘tganini e’lon qildi. O‘sha paytda Marmara muzofotidagi mehmonxonada bo‘lgan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on fuqarolarga teledeniye orqali murojaat etib, ko‘chalarga chiqib, demokratiyani himoya qilishga da’vat etdi. Davlat rahbari bir muddatdan keyin Istanbulga keldi.
Xabarlarga ko‘ra, isyonchi harbiylar Turkiya parlamenti va Anqara politsiyasi binosiga bomba yog‘dirgan, Prezident qarorgohini egallashga uringan.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on jo‘nab ketganidan bir muddat keyin Marmaradagi mehmonxona isyonchi harbiylar hujumiga uchragan.
Prezident uchib ketayotgan samolyot isyonchi harbiylar nazoratidagi qiruvchi samolyotlar nishonida bo‘lgani haqida ham xabarlar mavjud.
Bu orada bir guruh fitnachi harbiylarning davlat to‘ntarishiga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangani e’lon qilindi va Turkiya bo‘ylab isyonchi harbiylar va ushbu fitnaga aloqador shaxslarni qo‘lga olish operatsiyasi boshlandi.
Operatsiya davomida fitnaga aloqador 6 mingdan ziyod harbiy, jumladan, Harbiy havo kuchlari sobiq qo‘mondoni Ali O‘zturk, Prezidentning bosh harbiy maslahatchisi Ali Yazidji hamda o‘ndan ziyod general va admirallar hibsga olingan.
Shuningdek, “Parallel davlat” tuzilmasiga aloqadorlik gumoni bilan Oliy sud kengashi, Konstitutsiyaviy sud va Davlat kengashining bir qator a’zolari qamoqqa olingan, o‘nlab sudya va prokurorlar lavozimidan bo‘shatilgan.
Bosh vazir Binali Yildirimga ko‘ra, davlat to‘ntarishiga urinish payti 161 kishi shahid bo‘lgan, 1440 kishi jarohatlangan.
Turkiyadagi davlat to‘ntarishga urinish holati dunyo hamjamiyati tomonidan keskin qoralangan.
“EI demokratik yo‘l bilan saylangan hukumat va institutlarni hamda qonun ustuvorligini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaydi. Zudlik bilan konstitutsiyaviy tartibga qaytishga chorlaymiz”, – deyiladi Yevropa Ittifoqi tarqatgan bayonotda.
Evropa parlamenti raisi Martin Shults ham davlat to‘ntarishiga urinish o‘z vaqtida bartaraf etilganidan mamnun ekanini bildirgan.
Qolaversa, Frantsiya, Shveytsariya, Avstriya, Kanada, Belgiya, Germaniya, AQSh va boshqa davlatlarda Turkiyaning demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
Turkiyadagi musulmon, nasroniy va yahudiy jamoalari rahbarlari ham maxsus murojaatnoma e’lon qilib, fuqarolarni birlik va ahillikka chorlagan.
“Terrorizm va zo‘ravonlikni hech qanday asos bilan oqlab bo‘lmaydi. Bir insonni o‘ldirish butun insoniyatni o‘ldirish bilan barobar”, – deyiladi ushbu murojaatnomada.
Turkiyaning yaqin tarixiga nazar solinsa, 1960, 1971, 1980 va 1997 yillarda harbiylar davlat to‘ntarishlarini amalga oshirganini ko‘rish mumkin. Ehtimol, shuni nazarda tutib bo‘lsa kerak, Turkiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari, general Umit Dundar 15 iyul kuni demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatga qarshi chiqqan harbiylar xatti-harakatini keskin tanqid qilib, “Turkiyada harbiy to‘ntarish va xuntalar davri ortda qoldi”, – deb ta’kidlagan.
Sobir Salim