Turkistonda tatar shoiriga Husayn Boyqaro mukofoti berildi

Qozog‘istonning Turkistonda shahrida 20-23 dekabr kunlari turkiy tillarning 12-xalqaro she’riyat festivali bo‘lib o‘tdi. Festivalda Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Tojikiston, Gagauziya, Bolgariya, Kosova, Qrim, Ruminiya, Gretsiya, Tatariston, Boshqirdiston, Dog‘iston, Kipr, Iroq kabi o‘lkalardan 100 nafar turkiyzabon shoirlar ishtirok etdi.

Festival Turkiya Yozuvchilar uyushmasi, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda Ahmad Yassaviy nomidagi turk-qozoq universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro she’riyat festivalida «Ahmad Yassaviy zamonidan hozirgi kungacha tasavvuf adabiyoti» (professor, doktor Bilol Kemikli), Mag‘jon Jumaboy o‘g‘li hayoti va faoliyati (Ulug‘bek Yesdavlat), Husayn Boyqaro va Mahmud Abdulboqiy haqida ma’ruzalar tinglandi.  Mag‘jon Jumaboy o‘g‘li, Boqiy, Husayn Boyqaro, Abay, Kaldarbek Naymanbay, Tumanboy Moldag‘ali, Mehmet Akif, Yunus Emro she’r fasllarida ishtirokchilar o‘z she’rlarini o‘qib berdilar.

Turkiy tillarning 12-xalqaro she’riyat festivalida O‘zbekistondan shoir Faxriyor ishtirok etdi. Unga Ko‘nya shahri hokimi Mavlono Jaloliddin Rumiyning 6 jildli «Masnaviyi ma’naviy» kitobining o‘zbekcha tarjimasi jamlanmasini taqdim etdi.

Festival yakunida turkiy dunyoning mashhur shoirlari nomi bilan ataladigan mukofotlar topshirildi. Buyuk o‘zbek shoiri Husayn Boyqaro mukofoti tataristonlik shoir Ramis Aymedga, turk shoiri, «sultonush-shuaro» nomi bilan tanilgan Boqiy mukofoti qirg‘izistonlik shoir Atantay Akbarovga, qozoq shoiri  Mag‘jon Jumaboy o‘g‘li mukofoti turkiyalik shoir Mustafo O‘zchelikka nasib etdi.

Turkiy tillarning ilk xalqaro she’riyat festivali 1992 yili Turkiyaning Bursa shahrida o‘tkazilgan. Keyingi festivallar Almati (Qozog‘iston), Ashxobod (Turkmaniston), Girne (Kipr), Strazburg (Frantsiya), Oqmasjid (Qrim), Skope (Makedoniya), Baku (Ozarbayjon), Prizren (Kosova), Bishkek (Qirg‘iziston) va Qozon (Tatariston) shaharlarida o‘tkazilgan.

1992 yilgi Bursa festivalida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov Yunus Emro mukofotini, 2007 yilgi Skope festivalida shoir Miraziz A’zam Mavlono Jaloliddin Rumiy mukofotini, 2015 yilgi Qozon festivalida shoir Faxriyor Remi Garipov mukofotini olgan.

1992 yilgi Bursa festivalida Alisher Navoiy mukofoti ozarboyjonlik shoira Firuza Memmetliga, 2005 yilgi Girne festivalida Zahiriddin Muhammad Bobur mukofoti turkmanistonlik shoir Otamurod Otaboyga, 2009 yilgi Oqmasjid festivalida Ahmad Yassaviy mukofoti turkiyalik shoir Jahit Ko‘ytakka topshirilgan.