Turkiston shahrida “Turk dunyosi adabiy nashrlari muharrirlarining 7-kongressi” bo‘lib o‘tdi

Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy nomidagi qozoq-turk xalqaro universitetida 12-13 sentyabr kunlari “Turk dunyosi adabiy nashrlari muharrirlarining 7-kongressi” o‘tkazildi. Kongress Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasi, TÜRKSOY, TİKA tashkilotlari va Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Eron davlatlaridan, Boshqirdiston, Tatariston, Gagauziya, Qrim o‘lkalaridan 34 adabiy nashr muharrirlari ishtirok etdi.

Kogressning ochilish marosimida nutq so‘zlagan turkiyalik professor Firat Purtash, doktor Yoqub Umaro‘g‘li, eronlik doktor Rizo Hayot, ozarbayjonlik jurnalist Suduba Ag‘abalayeva, gagauziyalik jurnalist Tudor Zanet Qozog‘istonning lotin alifbosiga o‘tish taklifini ma’qulladilar.

Marosimda Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasining “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi 2016” mukofoti buyuk o‘zbek shoiri va yozuvchisi Shukrulloga taqdim etildi. 96 yoshli Shukrullo domla kongressga kela olmagani uchun sovrinni topshirish vakolati Ziyouz portali muharriri Davronbek Tojialiyevga berildi.

“Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi” mukofoti har yili turkiy dunyoning eng hurmatli va usta shoir-yozuvchilariga taqdim etiladi. Bu mukofotga 2011 yili Ali Oqbosh (Turkiya), 2012 yili Anor (Ozarbayjon), 2013 yili To‘len Abdik (Qozog‘iston), 2014 yili Ismoil Bo‘zqurt (Kipr), 2015 yili Umar Sultonov (Qirg‘iziston)  sazovor bo‘lgan.

“Turk dunyosi adabiy nashrlari muharrirlarining 7-kongressi” sho‘balarda davom etdi. Ushbu kongressda ilk bor Ziyouz adabiy portali ham ishtirok etdi va portalning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kongressning ikkinchi kunida Turkiyaning mashhur olimi, professor, doktor Ilber O‘rtayli bilan uchrashub bo‘lib o‘tdi. Unda professor “Alifbo almashtirishning tarixi va ta’sirlari” haqida ma’ruza qildi.

Kongress so‘nggida kelgusi uchrashuvgacha qilinajak ishlar belgilab olindi: adabiyot nashrlarida “Turk dunyosi adabiyoti” bo‘limi ochilib, adabiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi;  kongressga a’zo bo‘lgan “Ozarbayjon” jurnalining 95 yillik, “Juldiz” jurnalining (Qozog‘iston) 95 yillik, “Boshqirdiston qizi” jurnalining 50 yillik, “Ulduz” jurnalining (Ozarbayjon) 50 yillik, “Anaso‘zu” gazetasining (Gagauziya) 30 yillik yubileylari nishonlanishi; 2017 yilda “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi” sifatida tatar shoiri Zinnur Mansur e’tirof etilishi takliflari ma’qullandi.