21 sentyabr kuni Toshkentda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 68 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi o‘tkazildi. Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi uyushtirgan tadbirda O‘zbekiston parlamenti va hukumati vakillari, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar diplomatlari, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyandalari qatnashdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.
XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze o‘z nutqida o‘tgan 68 yil ichida Xitoy iqtisodiy-ijtimoiy jabhada katta yutuqlarga erishganini qayd etdi. Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida mamlakat YaIM 6,9 foizga, aholi jon boshiga real daromad 7,3 foizga oshdi.
Joriy yil Xitoy “Bir belbog‘ – bir yo‘l” xalqaro forumini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Unda 29 davlat rahbari va 140 mamlakat hamda 80 xalqaro tashkilotdan 1600 mehmon qatnashdi.
Diplomat Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etdi. Ikki tomonlama savdo aylanmasi joriy yil yarmida 1,1 foizga o‘sib, 2,108 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Xitoyning O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi esa 6,5 milliard AQSh dollariga yetdi.
Joriy yil may oyida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chin yurtida davlat tashrifi bilan bo‘ldi va “Bir belbog‘ – bir yo‘l” xalqaro forumida qatnashdi. Ikki davlat rahbari strategik hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
Xitoy elchisi madaniy-gumanitar jabhada ham hamkorlik samarali kechayotganini mamnuniyat ila qayd etdi. Sun Litszega ko‘ra, rasmiy Pekin O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlik va strategik hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga hamisha tayyor.
Eslatib o‘tamiz, 1949 yil 1 oktyabrda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilgan. O‘sha yildan beri mazkur sana milliy bayram sifatida nishonlanadi.