Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligi doirasida ko‘rgazma ochildi

24 fevral kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida “Yapon taomlari maket namunalari” ko‘rgazmasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama qatnashdi.

“Kunchiqar mamlakatning oshxonasi juda oddiy, ammo nozik didli, mazali va benihoya rang-barangdir. Uning asosiy qonun-qoidalari o‘rta asrlar Xeyan davrida shakllangan va hozirgacha saqlanib kelmoqda. Yapon taomi 5 gomi ta’midan iborat bo‘lishi lozim – shirin, sho‘r, achchiq, nordon va o‘tkir. Mazkur mamlakatning oshpazlari mohirlik va zukkolik bilan oltinchi o‘zgacha ta’mni ham ochib beradilar. Butun dunyo yapon oshxonasini sog‘lom ovqatlanishning etaloni deb hisoblaydi”, – deyiladi Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi saytida chop etilgan xabarda.  

Yapon oshxonasiga mansub sushi (xom baliqdan tayyorlangan taom) mamlakatimizda ham keng tarqalgan. Bundan tashqari,  sashimi, onigiri, tempura, ramen, udon,  soba, miso kabi taomlar Kunchiqar o‘lka pazandaligi namunalari sanaladi.

2013 yilda vasyoku – yapon an’anaviy pazandaligi YuNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.

Yapon an’anaviy taomlarining mumdan yasalgan maket hamda fotosuratlari namoyish etilayotgan ko‘rgazma joriy yil 14 martgacha davom etadi.

Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyamaning joriy yil yanvar oyidagi uchrashuvida ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Yaponiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 28 dekabrda tan olgan. 1992 yil 26 yanvarda o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Ikki tomonlama robitalar do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida qurilgan. 2002 yildan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida doimiy ravishda siyosiy maslahatlashuv o‘tkazib kelinmoqda.

Yaponiya yurtimizdagi islohotlarga xayrixoh va ko‘makchi davlat sifatida e’tirof etiladi. Kunchiqar o‘lka mamlakatimizga ko‘rsatgan moliyaviy-texnikaviy ko‘mak 4,1 milliard dollardan oshadi. Mazkur mablag‘ sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport, kommunikatsiya va boshqa sohalarda ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.