16 mart kuni Toshkentda AQSh elchixonasi ochilgan kunni xotirlash hamda AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bayroq ko‘tarish marosimi o‘tkazildi. Tadbir aynan 25 yil avval birinchi AQSh elchixonasi ochilgan maskan – Chilonzor tumanida joylashgan eski elchixona binosida bo‘lib o‘tdi.
Elchixona matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bayram tadbirida AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen hamda boshqa diplomatlar, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent hokimiyati vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Bundan yigirma besh yil ilgari muvaqqat ishlar vakili janob Mozur O‘zbekiston hukumati vakillari bilan ushbu maskanda AQSh elchixonasi ochilishi sharafiga tashkil etilgan bayroq ko‘tarish marosimiga guvoh bo‘lgan hamda Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaat va hurmatga asoslangan munosabat o‘rnatishga sodiqligini namoyon etgan edi”, – deya ta’kidladi elchi Pamela Spratlen xonim.
Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalarni 1992 yil 19 fevralda yo‘lga qo‘ygan. 1992 yil 16 mart kuni esa Toshkentda AQSh elchixonasi rasmiy ravishda ochilgan.
O‘zbekiston-Amerika munosabatlari doirasidagi barcha yo‘nalishlarda sifat jihatidan yangi va o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishni belgilab bergan asosiy hujjat bu ikki mamlakat o‘rtasida 2002 yil martda imzolangan Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari to‘g‘risidagi Deklaratsiya hisoblanadi.
Shu mavzudagi maqola:
O‘zbekiston va AQSh diplomatik munosabatlariga 25 yil to‘ldi. 20.02.2017