Joriy yil 18-19 noyabr kunlari O‘zbekiston Yoshlar teatri sahnasida yurtimizdagi olmonzabon havaskor teatr jamoalarining an’anaviy festivali bo‘lib o‘tadi.
Festival doirasida Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi “Wiedergeburt” olmon madaniyat markazlarining havaskor teatr jamoalari so‘nggi bir yil davomida sahnalashtirgan asarlarni namoyish etadi.
Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yubiley festivalini buxorolik havaskor teatr jamoasi aka-uka Grimmning “Zolushka” nomli mashhur ertagi asosida tayyorlangan sahna asari bilan boshlab beradi.
Samarqand vakillari esa inson hayotida boylik emas, balki aql-idrok va bilim muhim ekani haqida hikoya qiluvchi “Baxt – bu …” nomli spektaklni namoyish etadi.
Festivalning ikkinchi kuni farg‘onaliklar adolat tantanasi haqida hikoya qiluvchi “Kvadrat dunyo” asarini taqdim etadi.
Toshkent shahri vakillari esa aka-uka Grimmning “Bremenlik musiqachilar” ertagi asosida tayyorlangan “Katta shaharning kichik voqealari” asarini namoyish etadi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, teatr festivali avvalo Toshkent shahridagi maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarining olmon tilini yaxshi biladigan o‘quvchi va talabalariga mo‘ljallangan.
Namoyishlar 18 noyabr kuni soat 16:30 da, 19 noyabr kuni esa soat 15:30 da boshlanadi. Spektakllarga kirish bepul.