Toshkentda turk filmlari festivali bo‘lib o‘tadi

Joriy yil aprel oyida Toshkentda turk filmlari festivali o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu borada “O‘zbekkino” milliy agentligi Bosh direktori hamda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jesim Chalabiy uchrashuvida so‘z borgan.

Kino kunlari doirasida O‘zbekiston va Turkiya kinoustalari o‘rtasida tajriba almashish maqsadida ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish, festivalning tantanali ochilish marosimiga esa Turkiya kino va musiqa san’atining taniqli namoyandalarini taklif etish ko‘zda tutilgan.

Toshkentda ko‘p yillardan buyon Turkiya kinosi haftaligi o‘tkazib kelinmoqda. Bu galgi san’at bayrami yanada keng miqyosda o‘tishi kutilmoqda.

Turkiyada kinematografiya san’atiga 100 yil avval asos solingan. Mamlakatda ilk hujjatli film 1914 yilda, ilk badiiy film esa 1917 yilda suratga olingan. O‘tgan bir asr davomida milliy an’ana va zamonaviylik uyg‘unlashgan milliy kino yo‘li shakllandi. Turk kinoijodkorlari kartinalari nufuzli xalqaro festivallarda e’tirof etildi. Masalan,  Metin Erksanning “Suvsiz yoz” (1964) filmi Berlin xalqaro kinofestivali, rejissyor Omen Kavurning “Yusuf va Kenan” filmi (1980) Milan xalqaro kinofestivali, rejissyorlar Sherif Gyoren va Yilmaz Gyuneyning “Yo‘l” filmi (1981) Kann kinofestivalining bosh sovriniga sazovor bo‘lgan.

Oxirgi yillarda Turkiya kino san’ati yanada rivojlandi. Kino san’ati bo‘yicha ta’lim beruvchi oliy o‘quv yurtlari ko‘paydi, mohir rejissyor va aktyorlar maktabi shakllandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada har yili 50-60 kartina suratga olinadi.

Anqara, Istanbul, Izmir kabi yirik shaharlar nufuzli xalqaro kinofestivallarga mezbonlik qilib kelmoqda.

C.Calim