Toshkentda marhum shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ixtiyor Rizo yashagan uyda xotira lavhi o‘rnatildi. Mazkur loyiha Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi tomonidan amalga oshirildi.
Xotira tadbirida Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Ozarboyjon madaniyat markazi xodimlari, O‘zbekiston-Ozarboyjon do‘stlik jamiyati a’zolari, shoirning yaqinlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov O‘zbekistonda yashayotgan ozarboyjon millatiga mansub fuqarolar mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, ikki qardosh davlat o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shayotganlarini ta’kidladi. Jumladan, atoqli shoir Ixtiyor Rizo ham o‘z ijodi bilan do‘stlik va qardoshlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qildi. O‘tgan yili Ozarboyjon madaniyat markazi loyihasi asosida ozarboyjon rassomi Yusuf Husayn yashagan uyda ham xotira lavhi o‘rnatilgan edi. S.Abbosov bu boradagi xayrli ishlar davom ettirilishini qayd etdi.
Tadbirda so‘z olgan boshqa ishtiroklar ham shoir Ixtiyor Rizo hayoti va ijodi xususidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ixtiyor Rizo 1969-2012 yillarda Toshkent shahri Uchtepa tumani 22-mavzesida istiqomat qilgan. Shoir Vatanga muhabbat, inson baxti kabi azaliy mavzularda qalam tebratgan. U “Vatan”, “Ona yurtim Turkistonim”, “Mening o‘lkam” kabi asarlari bilan tilga tushgan. Ozarboyjon shoiri Ixtiyor Rizo nomi Said Rizo Alizoda, Maqsud Shayxzoda kabi atoqli adiblar bilan bir qatorda tilga olinadi.