Toshkentdagi Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida “Bonsay san’ati – tabiat uyg‘unligi” deb nomlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama ishtirok etdi.
Diplomat o‘z nutqida bonsay ko‘rgazmasi Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligida o‘tkazilayotganini mamnuniyat ila qayd etdi. Elchi bundan buyon ham O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni saqlab qolish va mustahkamlash uchun sa’y-harakatlarni davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi.
Ko‘rgazma ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nur ham qatnashdi.
Bonsay – Kunchiqar yurtning ko‘p asrlik tarixga ega san’at turidir. Miniatyura daraxtlarini o‘stirish mahorati aks etgan ushbu san’at turi tabiat bilan hamnafaslikka intilish natijasida vujudga kelgan.
Mitti daraxtni parvarishlash o‘ziga xos mahorat, vaqt va sabr-toqat talab etadi. Bu san’at turi asrlar mobaynida insonning tabiatga, xususan, nabototga mehr-muhabbati tajassumi sifatida sayqal topib kelgan.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida yapon zamonaviy raqs san’atiga bag‘ishlangan onlayn seminar va mahorat darsi bo‘lib o‘tgan edi.
Joriy yil fevral oyida esa ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida “Yapon taomlari maket namunalari” ko‘rgazmasi tashkil qilingandi.