Toshkentda 28 may – Ozarbayjon mustaqilligi kuni munosabati bilan rasmiy tadbir o‘tkazildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasi raisi Fuad Muradov, davlat va hukumat namoyandalari, elchilar, xalqaro tashkilot vakillari, ilm, madaniyat va san’at xodimlari ishtirok etdi.
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Quliyev so‘zga chiqib, zamonaviy respublikachilik tarixi haqida gapirdi.
Qayd etilishicha, 1918 yilda tashkil etilgan Ozarbayjon Demokratik Respublikasi og‘ir ijtimoiy-siyosiy sharoitda Yevropa va Amerikaning 20 dan ortiq davlati bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan, qisqa vaqt ichida Ozarbayjon tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Respublika davrida bayroq, madhiya qabul qilingan, ilk parlament va hukumat, davlat apparati tashkil etilib, ozarbayjon tili davlat tili deb e’lon qilingan.
Diplomatga ko‘ra, 1991 yilda mamlakat mustaqillikka erishgach, o‘zini Ozarbayjon Demokratik Respublikasining vorisi deb e’lon qilgani ham bejiz emas.
Elchi Husayn Quliyev umummilliy yetakchi Haydar Aliyevning siyosiy yo‘nalishini davom ettirgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan olib borilgan islohotlar o‘z samarasini bergani, 44 kunlik Vatan muhorabasida Ozarbayjon qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan yerlarini ozod etganini ta’kidladi.
U ikki qardosh davlat o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada ekanini qayd etib, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Marosimda so‘z olgan Ozarbayjon Diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasi raisi Fuad Muradov ham O‘zbekistonni do‘st-qardosh o‘lka sifatida tavsiflab, davlat rahbarlarining sa’y-harakati natijasida o‘zaro munosabatlar strategik sheriklik darajasiga chiqqaniga e’tibor qaratdi.
Tadbir doirasida “Ozod va obod Ozarbayjon” nomli fotoko‘rgazma ham namoyish etildi.