27 aprel kuni Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida oqinlar o‘rtasida xalqaro aytis (aytish) musobaqasi o‘tkazildi, deb xabar beradi Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.
Madaniy tadbir taniqli qozoq oqini Jambul Jabayevning – 170, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning 575 yilligiga bag‘ishlab uyushtirildi.
Xalq og‘zaki ijodining 14 ustasi san’at saroyida jam bo‘lgan 4000 nafar tomoshabin qarshisida aytis bo‘yicha mahoratini namoyish etdi.
Murosasiz va qiziqarli kechgan bellashuvda bosh sovrin sariog‘ochlik oqin Jarqinbek Naushabekovga nasib etdi. Shuningdek, xalqaro musobaqada Kulmaxan Dyuysenov (O‘zbekiston Respublikasi) – birinchi, Anor Japarqulova (Chimkent shahri) – ikkinchi, Nurlan Yesenqulov (Chimkent shahri) va Birjan Baytuov (Taroz shahri) uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa g‘oliblari va ishtirokchilariga tashkilotchilar – Qozog‘iston elchixonasi hamda O‘zbekistondagi Qozoq madaniyati markazi tomonidan sovg‘alar taqdim etildi.
Aytis – turkiy xalqlarning qadimiy tarixga ega folklor janrlaridan biridir. Xalq og‘zaki ijodining ushbu janrida she’riyat, musiqa, teatr va ijrochilik san’atlari uyg‘unlashib ketganini ko‘rish mumkin.
Qozog‘istonda aytis do‘mbira jo‘rligida ijro etiladi.
Aytis janri an’analariga ko‘ra, ikki yoki bir necha oqin avvaldan belgilangan mavzuda o‘zaro bellashadi. Musobaqa mavzusi, odatda, tomoshabinlar tomonidan tanlanadi. Bellashuvda ishtirokchilarning badiiy mahorati, zukkolik, badihago‘ylik, hozirjavoblik kabi xislatlari sinovdan o‘tadi.
So‘zni, she’rni, ohangu kuyni nozik his etib, raqibi chaqiriqlariga zakiylik, topqirlik bilan javob bergan oqin g‘olib sanaladi.
Qozog‘istonlik Janak Sagindikuli (1770-1856), Shoje Karjauboy o‘g‘li (1808-1895), Suyunboy Aron o‘g‘li (1815-1898), Birjan-sal (1834-1897), Sara Tastanbek qizi (1878-1916), Torebay Yeskojauli (1844-1911), Jambul Jabayev (1846-1945), Aset Naymanboyev (1867-1922) kabi oqinlar aytis janrining ustalari sifatida e’tirof etilgan.
Aytis – badihago‘ylik san’ati 2015 yili YuNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy boyliklari ro‘yxatiga kiritgan.
Sobir Salim