Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘zbek olimlari – Shuhrat Sirojiddinov va Gulbahor Ashurovaning “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy asarlarida turkiy tafakkur va g‘oyaviy badiiy asos” monografiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari doirasida ikki mamlakat madaniyat vazirliklari ko‘magida, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Taqdimotda Milliy Majlis madaniyat qo‘mitasi raisi Ganira Pashayeva, parlamentdagi “Ozarbayjon–O‘zbekiston” do‘stlik guruhi a’zosi Mushfiq Ja’farov, Ozarbayjon madaniyat vazirligi bo‘lim boshlig‘i Akif Marifli, Bokudan kelgan boshqa mehmonlar, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Marosimni TDPU rektori, professsor Abdug‘affor Qirg‘izboyev ochar ekan, mazkur universitet 1947 yildan buyon Nizomiy Ganjaviy nomi bilan atalishini ta’kidladi.
Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov turk dunyosi insoniyatga buyuk olimlar, faylasuflar, shoir va yozuvchilarni bergani, Ozarbayjon xalqining faxri Nizomiy Ganjaviy va o‘zbek adabiyotining ulug‘ shoiri Alisher Navoiy nomlari faxr bilan tilga olinishini ta’kidladi. Notiq ikki mutafakkir adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish barcha zamonlar uchun ham dolzarb ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan Nizomiy Ganjaviy tavalludining 880 yilligi va Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan tanlov doirasida har ikki shoir asarlarida turkiy tafakkur va ijod o‘rtasidagi bog‘lanishlar tadqiqotiga doir ilmiy asarlar tayyorlanishini nazarda tutilganini aytib o‘tdi.
Deputat Ganira Pashayeva xalqlarimiz do‘st, qardosh ekanligini ta’kidlab, Samad Vurg‘un va G‘afur G‘ulom do‘stligi haqida so‘zladi, ikki xalq farzandi, shoir va tarjimon Maqsud Shayxzoda nomini ehtirom bilan yodga oldi.
Tadbirda so‘z olgan ozarbayjonlik mehmonlar hamda yurtimiz olimlari o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalar, xususan, yangi monografiyaning ilmiy ahamiyatiga to‘xtaldilar.
Tadbir so‘ngida TDPU rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyevga Ozarbayjon madaniyat vaziri Anar Kerimov imzosi bilan “Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi” esdalik nishoni topshirildi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari doirasida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.