18 dekabr kuni Respublika kinochilar uyida Gruzin kinosi kunlari boshlandi. Gruziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda “O‘zbekkino” milliy agentligi tashkil etgan tadbir doirasida gruzin kino san’ati tarixiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham uyushtirildi. Madaniy tadbirning ochilish marosimida Zurab Kipshidze, Baadur Suladze, Georgiy Nakashidze, Gudja Burduli kabi taniqli gruzin aktyorlari ham ishtirok etdi.
– O‘zbekistonda qadrdon do‘stlarim bor. Bugungi tadbir bahonasida ular bilan ko‘rishdim. Bir muddat madaniy aloqalarimiz susayib qoldi. Qayta ko‘z ochgan buloq kabi aloqalarimiz qayta jonlanayotganidan xursandman, – deydi biz bilan suhbatda Gruziyada xizmat ko‘rsatgan artist, “Nika” mukofoti sovrindori Zurab Kipshidze. – O‘zbekistonlik tomoshabinlar e’tiboriga turli davrlarda olingan filmlarimiz namoyish etilmoqda. Masalan, tadbirni ochib berayotgan “Keto va Kote” filmi 1948 yilda suratga olingan. Hajviy janrdagi kartina bir qarashda shunchaki maishiy mavzuga bag‘ishlangan, ammo uning mazmuni teran tahlil qilinsa, salmoqli g‘oyalar ilgari surilganini ko‘rish mumkin. Gruzin kino ijodkorlari bugungi murakkab davrda ham izlanishlarni davom ettirmoqda. Masalan, 2013 yilda suratga olingan “Mandarinlar” filmi “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi.
Tadbirning ilk kuni “Keto va Kote” hamda “Birinchi qaldirg‘och” badiiy filmlari namoyish etildi. 19-20 dekabr kunlari esa “Kuzgi quyosh”, “Veriy mavzesi taronalari”, “Bedorlar quyoshi”, “Yakka ovchi”, “Oshiq oshpazning 1001 retsepti” kabi badiiy hamda qisqa metrajli filmlar namoyishi rejalashtirilgan.
Gruziyada kino san’ati XX asr boshlarida paydo bo‘lgan. O‘tgan asrda gruzin kinematografiyasi dovrug‘ini dunyoga yoyishda Rezo Chxeidze, Tengiz Abuladze, Otar Ioseliani, Georgiy Shengelaya, Mixail Kobaxidze kabi atoqli rejissyorlarning xizmati katta bo‘ldi. Yengil yumor, boy milliy kolorit, tagdor ramz va metafora gruzin kinosiga xos muhim alomatlardir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hatto sho‘ro zamonida ham gruzin kino ustalari hukmron mafkura tushovlarini uzib, umrboqiy kartinalar yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Masalan, rejissyor Tengiz Abuladze 1984 yilda suratga olgan “Tazarru” filmi nufuzli Kann festivalining bosh sovriniga sazovor bo‘lgan.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Konstantin Jgenti: “Gruzin kinosi kunlari do‘stligimizni yanada mustahkamlaydi”. 12.12.2015