Frantsiyaning Toshkentdagi elchixonasi joriy yil 27-31 mart kunlari O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Xalq ta’limi vazirliklari bilan hamkorlikda DELF (frantsuz tilidan bilim darajasini tasdiqlovchi diplom) va DALF (nomzodning frantsuz tilidan chuqur bilimga ega ekanini tasdiqlovchi diplom) imtihonlarini tekshirish vakolatini olish bo‘yicha tayyorlov seminarini tashkil etdi.
Sevrdagi Xalqaro pedagogik tadqiqotlar markazi (CIEP) mutaxassisi Nelli Briyet o‘tkazgan seminarda yurtimizning turli hududlaridagi maktab, litsey va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim beruvchi 25 nafar frantsuz tili o‘qituvchisi qatnashdi.
Ushbu o‘quv tadbiri DELF-DALF imtihonlari tekshiruvchilari yoki trenerlari tarmog‘ini yaratish doirasida tashkil etiladigan seminarlar jumlasiga kiradi. Imtihonlarni tekshirish vakolatini olgan o‘qituvchilar joriy yil may oyi oxirida Toshkent frantsuz alyansida o‘tkaziladigan DELF-DALF imtihonlarida ishtirok etish va tekshirish uchun taklif etiladilar. Qolaversa, ular iyun oyida yozgi maktab doirasida bo‘lib o‘tadigan DELF-DALF imtihonlari treneri vakolatini olishga tayyorlov seminarida ishtirok etadilar.
“Ushbu loyiha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Xalq ta’limi vazirliklarining ustuvor vazifalariga mos keladi. Kelgusida Buxoro va Samarqand shaharlarida ham DELF-DALF imtihonlarini o‘tkazish markazlarini ochish imkoniyatini yaratadi”, – deb xabar beradi Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.
Shu mavzudagi maqola:
O‘zbekistonlik 110 nafar frantsuz tili o‘qituvchisi yozgi maktabda malaka oshirdi. 21.06.2016