Toshkentda Frantsiya milliy bayrami nishonlandi

14 iyul kuni Frantsiyaning Toshkentdagi elchixonasida rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Frantsiya milliy bayrami – Bastiliya olingan kun munosabati bilan uyushtirilgan tadbirda diplomatlar, fan, ta’lim, san’at va madaniyat namoyandalari, hukumat va parlament vakillari ishtirok etdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev qatnashdi.

Tadbir mezboni – Frantsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jak-Anri Els mehmonlarni samimiy qutlarkan, yurtimizdagi uch yillik diplomatlik faoliyati yakuniga yetayotganini ma’lum qildi.

Frantsiyalik diplomat o‘z nutqida uch yillik muddatni o‘ziga xos tarzda sarhisob etdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan muddat davomida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi siyosiy muloqot davom ettirildi, parlamentlar o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlandi.

Savdo-iqtisodiy jabhada hukumatlararo komissiya majlisi qaytadan yo‘lga qo‘yildi. Elchining ma’lum qilishicha, bir haftadan keyin Toshkentda mazkur komissiyaning navbatdagi majlisi o‘tkazilishi, O‘zbekistonga Frantsiya Tashqi savdo, turizmni rivojlantirish va xorijdagi frantsuzlar ishlari bo‘yicha davlat kotibi Mattias Fekl boshchiligidagi delegatsiya kelishi kutilmoqda.

2015 yil avgustda elchixona binosida Frantsiya taraqqiyot agentligining mintaqaviy byurosi ochilgan edi. Jak-Anri Elsga ko‘ra, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisi doirasida mintaqaviy byuroning huquqiy maqomiga oid masala ham hal etiladi.

Madaniy-gumanitar sohadagi robitalarga to‘xtalgan elchi bu borada Frantsuz alyansining o‘rni muhim ekanini ta’kidladi. Ma’lumki, 2015 yil iyunda Toshkentda Frantsuz alyansi o‘z ishini boshladi. Joriy yil mayda esa Frantsuz alyansi prezidenti Jerom Kleman O‘zbekistonga keldi. Qayd etilishicha, alyans frantsuz tilini o‘qitish, umuman, ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada jonlantirishga xizmat qilmoqda. Frantsiya va O‘zbekiston oliy ta’lim dargohlari o‘rtasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda.

Elchi Jak-Anri Els madaniyat, san’at va arxeologiya jabhasidagi hamkorlik izchil yo‘lga qo‘yilganini ham mamnuniyat bilan qayd etdi.

Frantsuz diplomati chiqishida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha hamkorlarga  minnatdorlik bildirdi.

“O‘zbekistondagi faoliyat, mamlakat bo‘ylab safarlar va odamlar bilan uchrashuvlar menda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekiston meni o‘ziga oshufta etdi. Albatta, bu mamlakatni tark etish ko‘nglimda hazinlik uyg‘otmoqda, ammo nailojki, diplomatning a’moli shunday”, – dedi Frantsiya elchisi o‘z nutqi yakunida.

Eslatib o‘tamiz, Jak-Anri Els 1960 yilda tug‘ilgan. Iqtisod va savdo fanlari oliy maktabini tamomlagan. 1985 yildan buyon Frantsiya Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. 2013 yil sentyabrdan Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchisi.

14 iyul – Bastiliya olingan kun Frantsiyaning eng asosiy bayrami sanaladi. Frantsuzlar mazkur sanani vatanparvarlik, hurlik va yakdillik kuni sifatida alohida qadrlaydi. An’anaga ko‘ra, bu yil ham milliy bayram munosabati bilan poytaxt Parijda Frantsiya Prezidenti boshchiligida tantanali harbiy parad o‘tkazildi.

Sobir Salim