13 oktyabr kuni Toshkentda AQSh elchixonasining eski binosida XV Deniyel Perl Jahon musiqa kunlari doirasida gala kontsert o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov va “Yalla” guruhi, Shahzoda, DJ Piligrim, shuningdek, IWALF Band, Archi Sandens, Janset Bogdalova va Janna Kim kabi musiqiy guruh va yosh san’atkorlar ishtirok etdi. Madaniy tadbirga 500 ga yaqin mehmon tashrif buyurdi.
“Bugungi tadbirda hozir bo‘lib turganingiz musiqaning sarhadlar oshib turli madaniyat, irq va e’tiqodga mansub xalqlarni o‘zaro birlashtirish kuchiga egaligini namoyon etmoqda. Bu kontsert uyg‘unlikni o‘zida mujassam etar ekan, unda o‘zbek musiqasining haqiqiy afsonalari bilan bir safda ijod olamiga endigina qadam qo‘ygan bir necha yosh o‘zbek musiqachisi ham amerikancha va ingliz tilidagi qo‘shiqlarni e’tiboringizga havola etadi. Demak, bitta sahnada yagona barkamol insoniylikni namoyon etish yo‘lida birlashgan ajoyib musiqaning uch avlodi va ikkita ulug‘vor madaniyatni ko‘rishingiz mumkin”, – dedi AQSh elchisining o‘rinbosari Les Vigeri tadbirni ochib berarkan.
Deniyel Perl Jahon musiqa kunlari dunyo bo‘ylab namoyish etiladigan kontsertlar turkumi bo‘lib, u bag‘rikenglik, do‘stlik va insoniylik g‘oyalarini targ‘ib etadi. Jahon musiqa kunlari 10 oktyabrda tug‘ilgan jurnalist va musiqachi Deniyel Perl hayoti va faoliyatidan ilhomlanib tashkil etiladi.
Deniyel jug‘rofiy chegara bilmagan, xurofotdan xoli bir hayotni yashab o‘tdi. 2002 yili u Janubiy Osiyoda muxbir sifatida faoliyat yuritayotgan paytda Pokistondagi terroristlar tomonidan olib qochilgan va o‘ldirilgan, uning o‘limi xalqaro hamjamiyat nafrati va g‘azabiga sabab bo‘lgan. O‘shandan buyon har yili oktyabr oyida musiqachilar dunyo bo‘ylab musiqa yordamida “Insonparvarlik yo‘lidagi uyg‘unlik” shiori ostida tinchlik va o‘zaro bir-birini tushunishni targ‘ib etish, zulmga qarshi kurashish va nafratdan xoli dunyoni barpo etish maqsadida birlashadilar.
2002 yildan beri Deniyel Perl Jahon musiqa kunlari doirasida 140 mamlakatda 14000 dan ortiq kontsert namoyish etilgan.