Toshkentda Ozarboyjon zamonaviy tarixidagi muhim sanalardan biri 20 yanvar – Umumxalq motam kuni munosabati bilan xotira kechasi o‘tkazildi. Tadbir Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchixonasi va Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi tomonidan tashkil etildi.
Unda elchixona va madaniyat markazi xodimlari, O‘zbekiston ilm-fan, madaniyat namoyandalari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi, deb xabar beradi tashkilotchilar.
Ozarboyjonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Quliyev tadbir mehmonlariga XX asrda sho‘ro imperiyasi Ozarboyjon xalqiga qarshi amalga oshirgan genotsid va 20 yanvar fojiasi xususida so‘zlab berdi.
1990 yilning 20 yanvarida Ozarbayjon poytaxti Bokuga sovet armiyasi jangovar qismlari kiritildi. Harbiylar Armaniston agressiyasiga qarshi namoyishga chiqqan minglab ozarbayjonliklarni shafqatsiz jazolagan. Harbiylar tinch namoyishchilarni tank, pulemyot va avtomatlardan o‘qqa tutgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Bokuga qo‘shin kiritilishi oqibatida 133 nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgan, 744 nafari jarohatlangan. Qurbonlar orasida ayollar, bolalar va qariyalar ham bo‘lgan.
850 ga yaqin namoyishchi hibsga olingan, 5 kishi bedarak yo‘qolgan.
Diplomatning qayd etishicha, fojianing ertasi kuni mamlakat rahbari Haydar Aliyev Moskvadan aybdorlarni jazolashni talab qilgan va jasorat bilan SSSR Kommunistik partiyasi safidan chiqqanini e’lon qilgan.
“O‘sha kuni boshiga tushgan ulkan fojiaga qaramay, xalqimiz vatanga va mustaqillik uchun kurashga sodiqligini butun dunyoga namoyish qildi”, – dedi elchi H.Quliyev.
Toshkentdagi tadbir davomida 20 yanvar fojiasiga bag‘ishlangan hujjatli film va kontsert dasturi namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilar Armaniston-Ozarboyjon ziddiyati, Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga bag‘ishlangan kitob va rasm ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
20 yanvar sanasi Ozarbayjon mustaqilligi va hududiy yaxlitligi yo‘lidagi kurash kuni sifatida tarixga kirgan.
“1990 yil 20 yanvar sanasi ozarbayjon xalqi tarixining eng fojiali, ayni choqda, qahramonlik va mardlik sahifalari sanaladi. O‘ylaymanki, biz o‘sha kunlardan qancha uzoqlashsak, uning Ozarbayjon xalqi tarixidagi ahamiyatini shuncha yaxshi anglaymiz”, – degan edi mamlakat milliy yetakchisi Haydar Aliyev o‘z davrida.
20 yanvar kuni jonfido qilgan ozarbayjonliklar dafn etilgan maskanda keyinchalik Shahidlar xiyoboni bunyod etilgan.
Mazkur sana mamlakatda Umumxalq motam kuni deya e’lon qilingan.
2000 yilda mamlakatning o‘sha paytdagi rahbari Haydar Aliyev farmoni bilan halok bo‘lganlarning barchasiga “20 yanvar shahidi” faxriy unvoni berilgan.
Sobir Salim