Joriy yil 1-5 oktyabr kunlari Toshkent va Buxoro kinoteatrlarida Yevropaning 15 ta eng sara filmi namoyish etiladi. An’anaviy Yevropa kinofestivali Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkazilmoqda.
“Evropa kinofestivali kino muhiblari intiqib kutgan hodisadir. Zero, u madaniyatlarni birlashtiradi, hamkorlik ufqlarini kengaytiradi. Bu yil festival dasturiga Yevropaning e’tirof qozongan va mukofotlarga sazovor bo‘lgan filmlari kiritilgan bo‘lib, ularda Yevropa hamda umumjahon ahamiyatiga ega ijtimoiy muammolar tadqiq etilgan. Ular O‘zbekiston uchun ham dolzarb sanaladi. So‘nggi yillarda festival doirasida Yevropaning 20 davlati kinoijodkorlari suratga olgan 90 ta film O‘zbekistonning yetti mintaqasida 20 ming tomoshabin hukmiga havola etildi”, – deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.
Haftalik dasturiga Avstriya, Belgiya, Xorvatiya, Estoniya, Finlyandiya, Frantsiya, Germaniya, Vengriya, Italiya, Malta, Portugaliya, Ruminiya, Sloveniya, Ispaniya, Ukraina kinoijodkorlari suratga olgan 15 ta sara film kiritilgan. Komediyadan dramaga qadar, animatsiyadan hujjatli filmga qadar – turli janrdagi asarlarda insoniyatning eng og‘riqli muammolari badiiy yo‘sinda tadqiq etilgan.
Dasturdan “Lutstsu” (Malta), “Sanremo” (Sloveniya, Italiya), “Dilili Parijda” (Frantsiya), “Ona” (Xorvatiya), “Uxlayotgan devlar haqida ertak” (Finlyandiya), “Menga turmushga chiq” (Belgiya), “Tun ertaklari” (Frantsiya) “Mening fikrlarim cukutda” (Ukraina), “Bobomning jinlari” (Portugaliya), “Mikado” (Ruminiya), “Balandliklar va chuqurliklar” (Vengriya) kabi kartinalar o‘rin olgan.
Barcha kinoixlosmandlar uchun kirish bepul.
Filmlar original tilda, o‘zbek va ruscha subtitrlar bilan namoyish etiladi.
Tomosha Toshkentda 1-3 oktyabr kunlari “Yulduz” (cobiq Premier Hall) kinoteatrida, Buxoroda esa 3-5 oktyabr kunlari “Buxoro” kinoteatrida o‘tkaziladi.