25 may kuni Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha to‘rtinchi hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov va Turkiya Bosh vazir o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkesh raisligida o‘tgan yig‘ilishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivoshlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida ikki mamlakat o‘rtasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma iqtisodiy komissiya to‘rtinchi yig‘ilishining bayonnomasi (mazkur hujjat O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov hamda Turkiya Bosh vazir o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkesh tomonidan imzolandi), O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi va Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri uchrashuvlari bayonnomasi (mazkur hujjat O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Anvar Sharopov hamda Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji tomonidan imzolandi) ana shular jumlasidan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida daromad soliqlariga nisbatan ikkiyoqlama soliqqa tortishni oldini olish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha bayonnoma hamda Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim loyihasi parafirlandi.
Eslatib o‘tamiz, 24 maydan buyon yurtimizda Turkiya Bosh vazir o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkesh, Iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi va Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avjidan iborat nufuzli delegatsiya mehmon bo‘lib turibdi.
25 may kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) hamkorligida ikki davlat ishbilarmonlari, firma va kompaniyalari vakillari o‘rtasida biznes forum va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
Shu kuni Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji O‘zbekiston Madaniyat vaziri Mahmud Muratov bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda ikki mamlakat turistik agentliklari hamda mehmonxona biznesi vakillari o‘rtasida bitimlarni imzolash jarayonida qatnashgan.
Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, tashrifdan ko‘zlangan maqsad ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish tamoyili doirasida o‘zaro do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashdan iborat.
“So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston va Turkiya savdo va iqtisodiy aloqalaridagi ijobiy tendentsiyalar hamda o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumatlararo qo‘shma komissiya majlisi va biznes forumning ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining yana ham rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir”, – deb xabar beradi Turkiya elchixonasi matbuot xizmati.
Bu mamlakatlararo savdo-iqtisodiy jabhadagi muzokaralarning navbatdagi bosqichidir. Avval xabar berganimizdek, joriy yil fevralda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov Turkiyada muzokaralar o‘tkazgan. R.Azimovni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbuldagi “Beylarbeyi” saroyida qabul qilgan.
Shu mavzudagi maqola:
O‘zbekiston va Turkiya hamkorlikni kengaytirish istagida. 28.02.2017