Toshkent va Anqara turizm bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Turkiya turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istagida. Shu maqsadda joriy yil noyabrda Turizm bo‘yicha o‘zbek-turk qo‘shma komissiyasi ta’sis etiladi. Yaqin fursatda esa ikki tomonlama bitim imzolanadi. Bu haqda joriy yil 13 sentyabr kuni O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va Turkiya madaniyat va turizm vaziri Numan Kurtulmush o‘rtasidagi kechgan muzokaralarda ta’kidlangan. Ikki davlat turizm idorasi yetakchilari uchrashuvi Xitoyning Chendu shahrida, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti anjumani doirasida o‘tkazilgan.

Uchrashuvda ikki tomon turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, soha vakillarini malakasini oshirish imkoniyatlarini muhokama qilgan. 

O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga turkiyalik mutaxassisning maslahatchi sifatida ishga taklif etilishini bu boradagi muhim qadam deb baholash mumkin.

Shuningdek, uchrashuvda joriy yil oktyabr oyi oxirida Turkiyaning Antaliya shahrida O‘zbekiston turizm sohasi vakillari uchun seminar-trening tashkil etishga kelishilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston turizm sohasiga Turkiya sarmoyadorlarini jalb etishga intilmoqda. Shu maqsadda Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Toshkent viloyatidagi Chorvoq-Chimyon sayyohlik hududlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Qolaversa, O‘zbekiston tomoniga Turkiya bilan hamkorlikda turoperatorlar, mehmonxonalar rahbarlari, savdo majmualari vakillari uchun maxsus forum tashkil etish taklif qilinmoqda.

Joriy yil oktyabr oyi o‘rtalarida Turkiya madaniyat va turizm vaziri Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya mamlakat sayyohlik salohiyati bilan tanishish maqsadida O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Xitoydagi uchrashuv chog‘i ushbu tashrifga tayyorgarlik ham muhokama qilingan.

O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochilgan bir pallada turizm hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.

Turkiya sayyohlik borasida ulkan tajribaga ega. Mamlakat jahon turizm bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda. Madaniyat va turizm vazirligi ma’lumotiga qaraganda, 2016 yilning 11 oyida Turkiyaga 24 milliondan oshiq sayyoh kelgan. Demak, bu ko‘rsatkich 2015 yildagidan 30,8 foizga oshgan. Jahonda esa Turkiya sayyohlarni jalb etish bo‘yicha Frantsiya, AQSh, Ispaniya, Xitoy va Italiyadan keyin oltinchi o‘rinda bormoqda. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rejasiga ko‘ra, Turkiya yaqin muddatda bu borada sayyoramizning uchinchi davlati bo‘lishi lozim.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ham turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Bu borada esa Turkiya tajribasi qo‘l kelishi mumkin.

Aytish joizki, Turkiya rahbariyati ham O‘zbekistonning turizm bo‘yicha imkoniyatlarini yuqori baholaydi. Jumladan, Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2016 yil dekabrda Yildirim Boyazid universiteti talabalari bilan uchrashuvda turkiyalik talabalarning Buxoro va Samarqandga sayohatini uyushtirishni taklif etgan edi.

2016 yil 18 noyabr kuni Samarqandda bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Imom Buxoriy, Imom Moturidiy maqbaralari, Go‘ri Mir qadamjosi, Mirzo Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori madrasalarini ziyorat qilgan edi. Ushbu safardan mutaassir bo‘lgan davlat rahbari Buxoroni Bursadan, Samarqandni Ko‘nyo va Istanbuldan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi degan xulosaga kelgan.

“Buxoro va Samarqandni ziyorat qilib, bu shaharlarning har bir go‘shasidagi san’at asarlariga maftun bo‘lmaslikning, hayron qolmaslikning iloji yo‘q. Bu jihatdan, Buxoroni Bursadan, Samarqandni Istanbul va Ko‘nyodan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Men ushbu universitetimiz rektoriga qulay fursatda o‘sha shaharlarga talabalarimizning sayohatini uyushtirishni taklif etaman”, – degan edi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on talabalar bilan uchrashuvda.

S.Salim

Shu mavzudagi maqola:

Turkiya sayyohlik bo‘yicha dunyoning uchinchi davlati bo‘ladi…mi? 04.02.2017