TİKA Buxoroda seminar-trening o‘tkazdi

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi bilan hamkorlikda joriy yil 24-30 aprel kunlari Buxoro shahridagi mehmonxona va restoran biznesi sohasi xodimlari uchun seminar trening tashkil etdi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad Buxorodagi mehmonxonalarda xorijiy va mahalliy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdan iborat.

7 kun mobaynida davom etgan malaka oshirish kurslarida mehmonxona va restoran biznesi sohasi xodimlari nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. Ushbu loyihada jami 120 nafar ishtirokchi – Buxoro davlat universiteti Turizm fakulteti o‘qituvchi va magistrantlari, Buxoro turizm kolleji murabbiy va o‘quvchilari hamda Buxoro va Navoiydagi o‘nlab mehmonxonalar xodimlari ishtirok etdi.

Turkiya mehmonxona biznesi yetakchi mutaxassislaridan tuzilgan o‘qituvchilar guruhi (Saffet Mufit Uzman – mehmonxona menejmenti va front office, Sema Aydin – xona xizmati, Esma O‘zko‘k – oshpazlik, Resat Yildirimkaya – ofitsiant va barmen vazifalari) tinglovchilarga saboq berdi.

TİKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, professor Sulaymon Kiziltoprak ceminar qatnashchisiga sertifikat topshirmoqda.

30 aprel kuni Buxoro shahrida tashkil etilgan tantanali yopilish marosimida seminar ishtirokchilariga sertifikatlar taqdim etildi.

Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi 1992 yilda tashkil etilgan. TİKA Turkiyaning xalqaro maydondagi o‘ziga xos timsoli sifatida dunyo  hamjamiyati hurmatini qozongan.

TİKAning Toshkentdagi vakolatxonasi O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida 1994 yil 20 mayda ochilgan. Vakolatxona iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarga ko‘mak berib kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, TİKA o‘tgan salkam chorak asr mobaynida O‘zbekistonda 700ga yaqin loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Shu mavzudagi maqola:

Sulaymon Kiziltoprak: “2017 yilda ham yirik loyihalarni amalga oshirishni niyat qilganmiz”. 08.04.2017