Taniqli shoir Azim Suyun vafot etdi

2020 yilning 9 mart kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalqaro Cho‘lpon mukofotining sovrindori  Azim Suyun Toshkent shahrida vafot etdi.

Azim Suyun (taxallusi; asl ismi Suyunov Azim Alimovich) 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyati Nakurt qishlog‘ida tug‘ilgan.

ToshDU jurnalistika fakultetini tamomlagan (1977). G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir (1973-86), O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi boshqaruvida mas’ul kotib (1987-90), «Xalq so‘zi» gazetasida bo‘lim muharriri (1990-93), «O‘zbekiston ovozi» va «Golos O‘zbekistona» gazetalari bosh muharriri (1993-2002) bo‘lib ishlagan.

«Mening osmonim» (1978), «Zarb» (1979), «Zamin taqdiri» (1981), «Xayolot» (1984), «Ziyo yo‘li» (1986), «Jazo» (1987), «Olis tonglar» (1989), «Kuyganim — suyganim» (1992), «Qora ko‘zing sening» (1994), «Sarbadorlar» (1994), “Qora ko‘zing sening”, “Saylanma” (1995), “O‘zlik”, “Sharq hikmati”, “Ey do‘st”, “Vatan fasllari”, “Muhabbat hayratlari”, “Tanlangan asarlar” kitoblari nashr etilgan.

She’rlari ingliz, arab, rus, qozoq, tojik, qirg‘iz, turkman, qoraqalpoq, turk va boshqa tillarda chop etilgan. Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati (1994-99).