Sun Litsze: “Xitoy–O‘zbekiston savdo aylanmasi 25 yilda 100 barobarga oshdi”

2017 yil 2 yanvar kuni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yilda to‘ldi. Mazkur sana munosabati bilan 5 noyabr kuni Toshkentda tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, xorijiy davlatlar elchilari, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokidagi tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ishtirok etdi.

Tantanali marosimda Xitoy Xalq Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze ma’ruza qildi.

“O‘tgan 25 yil davomida ikki mamlakat rahbarlarining strategik rahnamoligi va turli jamoatchilik doiralarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli Xitoy–O‘zbekiston aloqalari izchil rivojlanib bormoqda va barcha sohalarda o‘z mevasini bermoqda. O‘tgan yilning iyunida Xitoy–O‘zbekiston aloqalari strategik hamkorlikning har jihatdan yangi bosqichiga ko‘tarildi”, – dedi XXR elchisi o‘z ma’ruzasida.

O‘tgan 25 yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 100 barobarga ortdi. Xitoy tomonining O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi esa 700 barobarga ko‘payib, 7,6 milliard AQSh dollariga yetdi. Ayni paytda Xitoydagi 4 oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili o‘qitilmoqda, O‘zbekistondagi 15 oliy ta’lim dargohida esa xitoy tili o‘rgatilmoqda. Umuman, madaniy-gumanitar sohada delegatsiyalar almashuvi muntazam davom etmoqda.

“O‘tgan 25 yil davomida xalqaro vaziyat o‘zgarib turganiga qaramay, Xitoy-O‘zbekiston do‘stligi tobora mustahkamlanmoqda. Buning sababi shundaki, biz xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik tamoyillariga rioya qilamiz va tinchlik, taraqqiyot va hamkorlik singari Buyuk ipak yo‘li qadriyatlarini birgalikda asrab-avaylaymiz”, – deya o‘z mulohazalarini davom ettirdi elchi Sun Litsze.

Kuni kecha XXR Raisi Si Szinpin hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zaro diplomatik aloqalarning 25 yilligi munosabati bilan bir-biriga tabrik nomalari yo‘lladi.

“Men Xitoy va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beraman. Xitoy O‘zbekiston tanlagan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini, davlat mustaqilligi, suvereniteti va xavfsizligini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va tashqi aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlayveradi. Xitoy–O‘zbekiston munosabatlarining 25 yilligi munosabati bilan mamlakatlarimiz xalqlarining farovonligi yo‘lida o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, Xitoy va O‘zbekistonning har tomonlama strategik sherikligini izchil rivojlantirish yo‘lida Siz bilan hamkorlikda ishlashga tayyorman”, – deyiladi XXR Raisi Si Szinpinning tabrik xatida.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy bazasi yaratilgan bo‘lib, uning eng muhim asosi bo‘lgan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro aloqalarimizning poydevori bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Sizning 2016 yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifingizni, uning doirasida tarixiy ahamiyatga ega Qo‘shma bayonot imzolanganini hamisha katta mamnuniyat bilan eslaymiz. Ushbu hujjat O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarini har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi”, – deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qutlov nomasida.

XXRning O‘zbekistondagi elchisi Sun Litszega ko‘ra, ayni paytda o‘zaro hamkorlikning yangi ufqlari ochilmoqda.

Sobir Salim