Xitoy va O‘zbekiston hamkorligi turli sohalarda rivojlanib bormoqda. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze 21 dekabr kuni Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda so‘zladi.
Qayd etilishicha, ikki tomonlama savdo aylanmasi oshib bormoqda. Xitoy tomoni kiritgan sarmoyaning umumiy miqdori 7,6 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
Iqtisodiy jabhadagi hamkorlikka misol sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo tabiiy gaz quvuri, Qamchiq dovoni osha Farg‘ona vodiysiga qatnovchi temiryo‘l kabi yirik loyihalarni eslab o‘tish mumkin.
Sun Litsze Xitoy rahbariyati ilgari surgan Buyuk ipak yo‘lining Iqtisodiy belbog‘i loyihasi g‘oyat muhim ekani va ushbu xalqaro tashabbus Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishini ta’kidladi.
Ayni paytda O‘zbekistonda 600 ga yaqin xitoy-o‘zbek qo‘shma korxonasi neft-gaz razvedkasi va quvurlar qurish, infrastrukturani takomillashtirish, erkin iqtisodiy hududlarni yo‘lga qo‘yish, telekommunikatsiya, to‘qimachilik, irrigatsiya, yangi energetika va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. Buyuk ipak yo‘lining Iqtisodiy belbog‘ini bunyod etish hamda xalqaro kooperativ tashabbuslarni yuzaga chiqarish avj pallaga kirgan oxirgi ikki yilda strategik loyihalar yanada jonlandi. Gaz quvurlarining uchta tarmog‘i qurib bitkazildi.
Xitoy elchisiga ko‘ra, rasmiy Pekin O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlik va strategik hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga hamisha tayyor.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni olib borishda tomonlarning terrorizm, ekstremizm, separatizm, narkotrafik, noqonuniy qurol savdosi va xavfsizlikning boshqa tahdidlari bo‘yicha mushtarak qarashda ekani muhim omil bo‘layotir.
Diplomat o‘z nutqida joriy yil 4 dekabr kuni O‘zbekistonda muhim siyosiy voqea – Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tganini qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti sifatida ish boshlagan Shavkat Mirziyoyevga faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston Prezidenti sifatida saylangani munosabati bilan tabrik yo‘llagan edi.
“Xitoy bilan O‘zbekiston samimiy va bir-biriga ishonadigan yaqin qo‘shni, qalin do‘st va ishonchli sheriklardir. Siyosiy ishonch, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik aloqalari mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan kundan boshlab muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Joriy yilda ikki tomonlama munosabatlarning har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi serqirra hamkorlikni mustahkamlash uchun yanada keng imkoniyatlar ochib berdi”, – degan edi XXR Raisi o‘z nomasida.
O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya do‘stona munosabatlarni izchil taraqqiy ettirishga xizmat qilmoqda.
Sobir Salim