17 may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Siz Jazoirni bilasizmi?” tanlovining yakuniy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlov Jazoir xalq demokratik respublikasi mustaqilligining 60 yilligi hamda O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida tashkil etildi.
Tanlov ishtirokchilari Jazoirning tarixi, siyosati, geografiyasi, sporti hamda ikki mamlakat hamkorligiga doir savollarga javob berdilar. G‘oliblarni Jazoirning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nosir Busherit raisligidagi hakamlar hay’ati aniqladi. Tanlov g‘oliblariga elchixona tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbir doirasida Jazoir elchisi Nosir Busherit qalamiga mansub “Jazoirlik bolaning achchiq qismati” deb nomlangan kitobning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Muallif O‘zDJTU kutubxonasiga ushbu kitobdan 30 dona sovg‘a qildi. Frantsuz tilida yozilgan hamda o‘zbekchaga o‘girilgan mazkur kitob Jazoir xalqining hurriyat va ozodlik yo‘lidagi mardonavor kurashiga bag‘ishlangan.
Qayd etish joizki, ikki muhim sanaga bag‘ishlangan tadbirlar turkumi doirasida elchi Nosir Busherit hamda O‘zDJTU rektori Ulug‘bek Azizov tomonidan “Jazoirning qadimiy va zamonaviy arxitekturasi” deb nomlangan fotoko‘rgazma ham ochib berildi. Ko‘rgazmada Jazoirning tarixiy va zamonaviy me’morchilik an’analari, betakror obidalar bilan tanishish mumkin.
Fursatdan foydalanib, Jazoir elchisi Nosir Busheritdan tadbir xususidagi fikrini so‘radik.
“5 iyul kuni Jazoir mustaqilligining 60 yilligi nishonlanadi. Bundan tashqari, yaqinda Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi. Bugun ushbu ikki muhim sanani birgalikda nishonlamoqdamiz. Bu borada davlatlarimiz parlament va hukumatlari o‘rtasida tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bugungi ma’naviy-ma’rifiy tadbirimiz ham ikki tomonlama robitalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi degan umiddaman”, – deydi elchi.
Diplomatning ma’lum qilishicha, “Jazoirning qadimiy va zamonaviy arxitekturasi” deb nomlangan fotoko‘rgazma rasman iyun oyida ochiladi va unda diplomatik korpus vakillari, hukumat a’zolari, madaniyat va san’at namoyandalari qatnashishi kutilmoqda. Bundan tashqari, muhim sana doirasida O‘zbekistonda Jazoir kinosi kunlari o‘tkazilishi, universitetlarda ma’ruzalar tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.
Shu mavzudagi maqolalar:
Naser Busherit: “2019 yil Jazoir va O‘zbekiston hamkorligida yangi sahifa ochadi”. 30.10.2018