Shiri Shiriyev: “Turkmaniston va O‘zbekiston hamkorligi mustahkam tayanchga ega”

Joriy yil 21 fevral kuni Turkmaniston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Turkmanistonning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shiri Shiriyev rasmiy Ashxobod tashqi siyosatining 2017 yil yakunlari va galdagi rejalari xususida so‘zlab berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari, mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro tashkilot va elchixonalar xodimlari hamda jurnalistlar qatnashdi.

Diplomat Shiri Shiriyev 2017-2023 yillarda Turkmaniston tashqi siyosat kontseptsiyasini amalga oshirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Bu borada o‘tgan 2017 yilda Turkmanistonga bir qator xalqaro tashkilotlar va davlatlar rahbarlarining tashrifi amalga oshdi. O‘z navbatida, Turkmaniston Prezidenti xorijiy davlatlarga safar uyushtirdi.

Rasmiy Ashxobod xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, 2017 yilda Axshobodda BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ochilganining 10 yilligi nishonlandi.

2017 yil 13 iyunda Ashxobodda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh bilan muzokaralar o‘tkazdi.

BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan 71-sessiyasida 12 dekabr Xalqaro betaraflik kuni deb e’lon qilindi.

Turkmaniston rahbariyati Markaziy Osiyo xavfsizligining asosiy omili sifatida Afg‘onistonda barqarorlikni mustahkamlashga katta ahamiyat bermoqda. 2017 yil 14-15 noyabr kunlari Ashxobodda Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik anjumani (RECCA VII) bo‘lib o‘tdi. O‘nlab nufuzli delegatsiyalar ishtirok etgan tadbir yakunida Ashxobod deklaratsiyasi qabul qilindi.

Elchi Shiri Shiriyev 2017 yilda Turkmaniston Xalqaro energetika xartiyasi konferentsiyasida raislik qilgani va bu bo‘yicha ham bir qator tadbirlar tashkil etilganini ta’kidladi.

2017 yilning 17-27 sentyabr kunlari Ashxobodda Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo mintaqasi ilk bor mezbonlik qilgan ushbu xalqaro musobaqa Turkmanistonning sport diplomatiyasi borasidagi sa’y-harakatlari natijasi bo‘ldi.

Turkmaniston elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ham mamnuniyat ila qayd etdi. Bunda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida qaror topgan yaqin do‘stlik, ishonch va samimiyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda bir necha bor Turkmanistonga safar qildi va Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqot olib bordi.

“Ikki qardosh mamlakatning davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot muntazamlik kasb etgani Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda strategik ahamiyatga ega. Mazkur uchrashuvlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishladi, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan sheriklikning barcha yo‘nalishlariga mustahkam poydevor qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani buning yorqin tasdig‘idir”, – dedi elchi Shiri Shiriyev.

Qayd etilishicha, ikki tomonlama munosabatlarimizda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalasi alohida ahamiyatga ega. Shu o‘rinda mamlakatlarimizning mazkur masalaga doir yondashuvlari o‘zgarmas va izchildir. Turkmaniston va O‘zbekiston Markaziy Osiyoning tinch va barqaror taraqqiyotini ta’minlaydigan mustahkam va samarali mexanizmlarni yaratish, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga rioya etish va o‘zaro manfaatlarni hisobga olishning qat’iy tarafdori.

Tinchlik va xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotning muhim tarkibiy qismlari – energetik xavfsizlik, xalqaro transport-tranzit aloqasini rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida birgalikda harakat qilmoqda.

Turkmaniston va O‘zbekiston mintaqada yirik energetik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Yiliga 25 milliard kub metrgacha gaz yekazish quvvatiga ega Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy gaz quvuri loyihasi shular jumlasidandir.

“Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari bugun har qachongidan ham mustahkam, deya qat’iy ayta olaman. Biz kelajakka ishonch bilan qarashimiz, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlik rejalarini ishlab chiqishimiz uchun barcha asoslar mavjud”, – dedi Turkmaniston elchisi.

Diplomatga ko‘ra, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar asrlar mobaynida shakllangan yaxshi qo‘shnichilik, umumiy tarix, til, madaniyat, an’ana va urf-odatlar o‘xshashligiga asoslangan. Bugun davlatlararo hamkorlik ana shunday mustahkam poydevorga tayangan holda izchil rivojlanib bormoqda.

S.Salim