Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Islom tarixi” kitobi nashr etildi

Toshkentdagi “Hilol-nashr” nashriyotining majlislar zalida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning 2 jildli “Islom tarixi” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda yurtimizning nufuzli olimlari, chet eldan kelgan mehmonlar va muxlislar ishtirok etishdi.

Marosimni “Hilol-nashr” nashriyoti direktori Ismoilxon Muhammad Yusuf ochib, “Islom tarixi” kitobining yozilish jarayoni haqida so‘zladi. “Mazkur kitob rahmatli ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘z qo‘llari bilan tugatgan so‘nggi kitoblaridir”, dedi u.

“Islom tarixi” kitobining 1-jildi haqida Toshkent Islom instituti katta o‘qituvchisi, siyrat fani ustozi Abdul Azim Ziyovuddin so‘zlab berdi. “Hazrat ushbu kitobni yozib bo‘lib, muharrirlik uchun menga topshirganlarida juda baxtiyor bo‘lgan edim. Kitobning ushbu jildi Odam alayhissalomdan xulofoi roshidingacha bo‘lgan Islom tarixini o‘z ichiga oladi. Ustozimiz necha ming yillik Islom tarixini muxsatasar tarzda mahorat bilan shu kitobga jamlaganlar”, dedi u.

Kitobning 2-jildi haqida tadqiqotchi Abdulhamid Zayriyev gapirib berdi. Ikkinchi jildda umaviylar davridan bugungi kunimizga qadar dinimiz tarixi hikoya qilinadi.

Marosimda Shayx hazratlarining “Islom tarixi” kitobi haqida O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy yordamchisi Abdulhamid Tursun, tarix fanlari doktori, professor Mirsodiq Ishoqov, Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrullo Turmatov hamda Abdulloh maxdum fikr bildirdilar.

“Tarix barcha o‘tgan avlodlarning hayot madrasasidir. Tarix orqali tiriklar o‘zlari uchun ‎manfaatli narsani o‘rganib, unga amal qiladilar hamda o‘zlariga zarar yetadigan narsalardan ‎voqif bo‘lib, undan chetda bo‘ladilar.‎ Islom tarixi deganda, odatda Islom davlatlari hamda musulmon xalqlarning vahiy nozil ‎bo‘lgan ilk davrdan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan tarixi nazarda tutiladi. Ammo aslida ushbu ‎tarix dunyo boshlanganidan to hozirgi, biz yashab turgan paytgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi”, deyiladi kitobda.

2 jildli “Islom tarixi” kitobini  “Hilol-nashr” nashriyotidan hamda hilolnashr.uz saytidan sotib olishingiz mumkin (89000 so‘m). Shuningdek, “Hilol-nashr” nashriyotida tashkil etilgan elektron kutubxonada shu va Hazratning boshqa kitoblarini bepul o‘qishingiz mumkin.

“Hilol-nashr” nashriyoti direktori Ismoilxon Muhammad Yusuf

Toshkent Islom instituti katta o‘qituvchisi, siyrat fani ustozi Abdul Azim Ziyovuddin

Tadqiqotchi Abdulhamid Zayriyev

Tarix fanlari doktori, professor Mirsodiq Ishoqov

Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrullo Turmatov