O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinda “Bir makon, bir yo‘l” forumi doirasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi.
O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda 2016 yil 18 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi.
Ikki tomon uchun ham manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, to‘qimachilik, ko‘nchilik, kimyo va farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentlar uchrashuvida ikki tomonlama munosabatlarni xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan yuksak darajaga ko‘tarish lozimligi, bu borada hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Sharhlovchilar O‘zbekiston hamda Turkiya hamkorligi tarixida yangi sahifa ochilayotgani va ikki qardosh mamlakat do‘stligi yanada mustahkamlanayotganini qayd etmoqda. Bunga o‘zaro delegatsiyalar almashuvi faollashgani hamda oliy darajadagi munosabatlar asos bo‘lmoqda.
2016 yil 17-18 noyabr kunlari Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 13 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Samarqanddagi Forumlar majmuasida Shavkat Mirziyoyev hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. Tomonlar hamkorlikni yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha kelishib oldi.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shavkat Mirziyoyevga 2016 yil 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovdagi g‘alabasi munosabati bilan yo‘llagan tabriknomasida O‘zbekiston rahbarini rasmiy tashrif bilan Turkiyaga kelishga taklif qilgan. Ayni choqda, o‘zi ham yaqin muddatga yana O‘zbekistonga safar qilish istagini bildirgan.
Shu mavzudagi maqolalar:
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shavkat Mirziyovni Turkiyaga taklif qildi. 07.12.2016