“Hilol-nashr” nashriyotida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh qalamiga mansub yangi “Zuhd va hayo” kitobi hamda “Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi”ning yangi nashri taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda nashriyot xodimlari, ulamolar va tolibi ilmlar qatnashdi.
Taqdimot marosimi Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov, Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrullo Turmatov, “Chimir ota” jome’ masjidi noib imomi Abdulbosit qori ushbu kitoblarning ahamiyati, mazmun-mundarijasi haqida gapirdilar.
“Zuhd va hayo” kitobi “Islomning madori bo‘lgan hadislar” turkumi ostida chop etilgan ikkinchi kitobdir (bundan avval ushbu turkumda “Amallar niyatga bog‘liqdir” kitobi nashr etilgan). Ushbu kitob zuhd va hayo haqidagi ikki mashhur hadisga bag‘ishlangan bo‘lib, unda hadislarning xususiyatlari, sharhi, zuhd va hayoga oid oyati karima va hadisi shariflardan namunalar, zohidlikning foydalari, iffatning turlari, hayoning ta’rifi va uning foydalari haqida mufassal ma’lumot berilgan.
5000 adadda chop etilgan “Zuhd va hayo” kitobi Toshkent shahri, So‘galli ota ko‘chasi, 5-uyda joylashgan “Hilol-nashr” nashriyoti do‘konida dushanba kunidan sotuvga chiqariladi.